14:48 / 02.08.2022
2421
Davlat xaridlari bo‘yicha 95 ta jinoyat fosh etilib, davlat manfaatlariga 55 mlrd so‘m zarar yetkazilgan

Joriy yilning 2 avgust kuni Senat Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining yalpi majlis oldidan qo‘mita majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda davlat dasturining milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash yo‘nalishida 33 ta band ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari bugungi kunga qadar qabul qilinmagani qayd etildi. Dastur ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza muhokama qilindi.

Sohada amalga oshirilgan islohotlarga qaramasdan, korrupsiyaviy holatlar iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda kamaymayotgani qayd etildi. 2022 yil 6 oyida davlat xaridlarida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish hamda boshqa korrupsiya ko‘rinishlari bilan bog‘liq 95 ta jinoyat fosh etilib, davlat manfaatlariga 55,2 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Qonunbuzilish holatlari asosan tender xarid savdolarida hujjatlarni soxtalashtirish, mahsulotlarni sun’iy qimmat narxlarda sotib olish hamda 5,2 mlrd so‘mlik xarid qilingan mahsulotlarni kirim qilmaslik va ish, xizmatlarni bajarmaslik, qo‘shib yozish yoki yetkazib bermaslik orqali sodir etilgani aytib o‘tildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mita tegishli qarori qabul qilindi.

Top