14:55 / 03.08.2022
16964

Shomurodovga ingliz klubi qiziqmoqda. Muzokaralarda siljish bor

O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovga Angliyaning «Vulverhempton» klubi tomonidan jiddiy qiziqish bor.

Foto: Global Look Press

Yozgi transfer oynasi yakunigacha «Roma»ni tark etishi kutilayotgan Eldor Shomurodovga Angliya Premer-ligasi klubi ham qiziqish bildirmoqda.

Insayder va jurnalist Janluka Di Marsioning saytida xabar berishicha, O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi «Vulverhempton» safiga o‘tishi mumkin. Ingliz klubi Shomurodov uchun transfer kurashiga qo‘shilgan.

Angliyaning Sport Witness nashri xabariga ko‘ra, «Vulverhempton» klubi rahbariyati O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi transferi masalasida «Roma» bilan muzokaralarda oldinga siljigan. 

Qayd etilishicha, «Roma» sport direktori Tiagu Pintu Angliya Premer-ligasi klubiga Shomurodov masalasida ijara varianti ko‘rib chiqilmasligi, Rim klubi Eldor bilan xayrlashmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

27 yoshli futbolchining «Roma» bilan shartnomasi 2026 yilga qadar tuzilgan. O‘zbekistonlik futbolchi mavsumoldi yig‘inlarida rimliklar bosh murabbiyi Joze Mourinoda yaxshi taassurot qoldira olmagan.

Avvalroq futbolchi uchun Italiyaning «Bolonya» klubi asosiy da’vogar bo‘lib turgani, bu klub transferning turli variantlarini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.

Shuningdek, A Seriyaning yana bir klubi – «Torino» jamoani tark etib, «Roma»ga o‘tayotgan Andrea Belotti o‘rniga Shomurodovni ijaraga olmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.

Top