10:54 / 04.08.2022
2960
Bojxonachilar qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar noqonuniy olib o‘tilishining oldini oldi

Bojxona xodimlari tomonidan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning bojxona chegarasi orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. 

Videodan kadr

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining “Jartepa” chegara bojxona postiga kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, orqa o‘rindiqdagi bar ichiga 12 kalibrli ov quroli uchun mo‘ljallangan 7 dona patronlar borligi aniqlandi.

Andijon va Toshkent viloyatlarida esa naqd xorijiy valutalarni respublikadan noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinishlar oldi olindi.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali respublikadan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi bojxona xodimlariga og‘zaki tarzda ma’lum qilmay hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmagan holda 31 ming 200 AQSh dollarini yashirincha olib chiqishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona postida esa 3 nafar yo‘lovchilarning har biri 18 ming AQSh dollaridan jami 54 ming AQSh dollarini olib chiqishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi.

Bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida valutalar nonlar va kiyimlar orasiga yashirilgan, yo‘lovchilardan biri esa pullarni kiyimlari ostidan beliga bog‘lab olgan. 

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar ma’lum bir haq evaziga o‘zlariga tegishli bo‘lmagan valutalarni bojxonadan olib o‘tib berishga urinishgan.

Top