21:57 / 22.08.2022
22301

Mourino: «Shomurodov – Abraham yoki Dibala darajasiga chiqishini kuta olmaymiz»

«Roma» bosh murabbiy Joze Mourino Italiya A Seriyasi 2-turi doirasidagi «Kremoneze»ga qarshi o‘yindan avval jamoani tark etishi kutilayotgan Eldor Shomurodov haqida gapirdi.

Foto: Getty Images

Portugaliyalik murabbiy Temmi Abrahamga o‘rinbosar sifatida Andrea Belotti taklif etilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berarkan, zaxira o‘rindig‘ida hujum chizig‘i vakillari o‘rnini munosib to‘ldira oladigan forvardlar yo‘qligini aytdi.

«A Seriya 1-turi doirasidagi «Salernitana»ga qarshi o‘yinda (1:0) ikki hujumchi o‘rniga ikki yarimhimoyachini tushirishga majbur bo‘ldim. Chunki Abraham, Dibala, Dzanola singari hujumchilar maydondan olinayotganda, ularning o‘rnini munosib to‘ldira oladigan hujumchilar yo‘qligi sababli Matich va Veynaldum singari tajribali yarimhimoyachilar tushishdi. Biz Feliks Afena-Gyan va Shomurodov asosiy tarkibdagi hujumchilar darajasiga ko‘tarilishini kuta olmaymiz. Bizda bunday imkoniyat yo‘q», - deya «Roma» bosh murabbiyi so‘zlarini keltirgan Sportmediaset.

Avvalroq, Eldor Shomurodovga «Bolonya» klubi asosiy da’vogar ekani, klub hujumchini sotib olish sharti bilan ijaraga olmoqchiligi haqida xabar berilgan edi. Ammo Rim klubi o‘zbekistonlik forvardni ijara emas, 10 mln yevro atrofida transfer qilishni istayotgani aytilgandi.

Ma’lumot uchun, 27 yoshli hujumchi 1-tur doirasidagi «Salernita»ga qarshi bahsda qaydnomaga kiritilgan, ammo maydonga tushmagandi. 2-turdagi «Kremoneze» bilan bahsda ham qaydnomadan joy olgan. Uchrashuv bugun, 22 avgust kuni soat 21:30da boshlanadi.

Top