11:26 / 29.08.2022
3892
AEXA delegatsiyasi Zaporijjya AESga yo‘l olyapti

Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi o‘qqa tutilyapti. Mutaxassislar buning oqibatida Chernobilga o‘xshash yadroviy avariya bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: dpa

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ekspertlar delegatsiyasi yaqinda o‘qqa tutilgan Zaporijjya atom elektr stansiyasiga (ZAES) yo‘l oldi. «Kun keldi. AEXAning qo‘llab-quvvatlash va yordam missiyasi yo‘lda. Biz Ukraina va Yevropadagi eng yirik yadroviy obekt xavfsizligini himoya qilishimiz kerak. Men ushbu hafta ZAESga yetib keladigan missiyani boshqarish imkoniyatidan faxrlanaman», deb yozdi AEXA rahbari Rafael Grossi 29 avgust, dushanba kuni Twitter’dagi mikroblogida.

So‘nggi haftalarda ZAES hududi qayta-qayta o‘qqa tutildi. Ukraina va Rossiya bunda bir-birini javobgar deb bilyapti. O‘qqa tutilishi Zaporijjyada Chernobilga o‘xshash yadroviy falokat sodir bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Zaporijjya AESda oltita yadroviy reaktor mavjud. Bu - Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi. 

Ukraina xabarlariga ko‘ra, 25 avgust kuni navbatdagi o‘qqa tutilishi natijasida ZAES tarixda birinchi marta tarmoqdan butunlay uzilib qo‘yilgan. Ertasi kuni elektr ta’minoti tiklandi. Ukrainaning «Energoatom» operator kompaniyasi hodisa sababini «tajovuzkorning harakatlari», ya’ni Rossiya armiyasi bilan bog‘liq deb atadi. 

Zaporijjya atom elektr stansiyasi 2014 yilda Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim yarimoroli yaqinida joylashgan. «Energoatom» Rossiya ZAESni Qrim elektr tarmog‘iga ulashni rejalashtirayotganidan xavotirda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top