22:54 / 31.08.2022
18191
Yordam puli, uy qurish uchun yer, qabul kvotalari va soliq imtiyozlari - Qoraqalpog‘iston bo‘yicha farmon imzolandi

Prezident farmoni bilan, Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun ko‘plab yo‘nalishlardagi imtiyozlarning yangi paketi tasdiqlandi.

“Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmondan prezident Shavkat Mirziyoyevning 26 avgustdagi Nukusga safari davomida e’lon qilingan yangiliklar o‘rin olgan.

Pensionerlarga samolyot va poyezd chiptalari – 50 foiz chegirmada

2022 yil 15 sentabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yashovchi yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temiryo‘l va aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalarning bu imtiyoz taqdim qilish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan qoplanadi.

Kam ta’minlangan oilalarga 600 ming so‘mdan bir martalik yordam

2022 yil 1 oktyabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlangan kam ta’minlangan oilalarga qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun (ko‘mir, suyultirilgan gaz, oziq-ovqat, boshqa zaruriy ehtiyojlari uchun) har bir kam ta’minlangan oilaga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida (600 ming so‘m) bir martalik moddiy yordam pullari beriladi. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan qo‘shimcha 100 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Yordam puli 25 oktyabrgacha to‘liq to‘lab berilishi kerak.

Qoraqalpog‘istonliklarga hovli-uy qurish uchun yerlar ajratiladi

Qoraqalpog‘iston tumanlarida aholi uchun yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yer uchastkalari taqdim etiladi, shuningdek, ko‘p qavatli uylar ham quriladi.

Tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2 oy ichida ishlab chiqilishi lozim.

Qoraqalpog‘iston yoshlar uchun qo‘shimcha qabul kvotalari

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining zarur ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantirilgan buyurtmasiga muvofiq, 10 kun muddatda 2022/23 o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘istonda umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 500 nafar, keyingi o‘quv yillari uchun esa har yili 1 sentabrga qadar 6 500 nafar yoshlar viloyatlardagi davlat OTMlarida qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘istondagi OTMlarni salohiyatli professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning yetakchi OTMlarida ekologiya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va qurilish yo‘nalishlari bo‘yicha 2023 yildan boshlab, tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha bitimlarni imzolash, istisno tariqasida, Qoraqalpog‘iston Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab 5 yil muddatga Qoraqalpog‘istonda nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘quv jarayoni uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislar (o‘qituvchilar) O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun undiriladigan to‘lov, O‘zbekistonga kirish vizasi olish uchun konsullik yig‘imlari va yashash joyida ro‘yxatga olish uchun undiriladigan davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Soliq imtiyozlari

Farmonga binoan, Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha:

  • foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;
  • ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilandi.

Bu soliq imtiyozlari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi: yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar.

Transport xarajatlarini qoplash, kreditlarga kafilliklar berish

2022 yil 1 oktyabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

  • Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda va eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi (Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi belgilagan ro‘yxatga asosan);
  • ajratiladigan kredit summasining 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi (Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan).

Yangi kreditlar

Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga:

  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida 7 yil muddatga qarzlar beriladi (Hukumat komissiyasining qaroriga asosan, ITSV huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali);
  • bu kredit mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining takliflari asosida, Hukumat komissiyasi tomonidan taqsimlanadi;

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalar uchun 2022 yil yakuniga qadar dastur uchun ajratilgan resurslar hisobidan qo‘shimcha 200 milliard so‘m kredit ajratiladi.

Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan:

  • banklarga – 95 mln dollar;
  • “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo qilish. Faza II” loyihasiga 5 mln dollar ekvivalentida kredit ajratiladi.

Banklarga ajratilgan bu kredit liniyasidan moliyalashtiriladigan loyihalar ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi tavsiyasiga asosan Hukumat komissiyasi tomonidan shakllantiriladi.

Moliya vazirligi kreditni qaytarish va unga hisoblangan foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni AQSh dollari ekvivalentida jamg‘armaga Davlat budjetidan qaytaradi.

Investorlarga ko‘mak markazi

Farmonga binoan:

  • 2 oy muddatda Qoraqalpog‘istonda joylashgan va bu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga bepul asosda ko‘maklashuvchi “Investorlarga ko‘mak markazi” ochiladi;
  • markaz qoshida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan uchastkalardan maydoni kamida 10 gektar bo‘lgan ishlab chiqarish texnoparki tashkil etiladi.

Yirik investorlarga yerlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi

Qoraqalpog‘iston hududida 2022 yil 15 sentabrdan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar, istisno tariqasida, yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berish maqsadida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishda:

  • eng yaxshi takliflar 5 mln dollar ekvivalentidan boshlab ko‘rib chiqiladi;
  • ishchi organ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisoblanadi;
  • yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va investorlarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Soliqlar Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi

Farmonda qayd etilishicha:

  • Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan barcha soliq to‘lovchilardan undiriladigan soliqlar 2022 yil uchun Davlat budjeti daromadlarini shakllantirishning tasdiqlangan miqdorlaridan kam bo‘lmagan miqdorda Qoraqalpog‘iston budjetiga o‘tkaziladi;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari xodimlarining, jumladan tarbiyachi va o‘qituvchilarning ish haqi hamda unga nisbatan hisoblangan ijtimoiy soliq to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan amalga oshirish tartibi saqlab qolinadi;
  • 2022 yil 3-chorakdan boshlab 2024 yil oxirigacha har chorak yakuni bo‘yicha QQS bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi, istisno tariqasida, to‘liq Qoraqalpog‘istonda qoldiriladi.

Onlayn auksion, xususiylashtirish, suv ta’minoti

Hujjat bilan 2022–2023 yillarda Qoraqalpog‘istonda auksionga chiqariladigan foydali qazilma konlari va istiqbolli uchastkalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari:

  • mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga boshlang‘ich qiymati 50 foizga kamaytirilgan holda chiqariladi;
  • mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilinishidan tushadigan mablag‘lardan Qoraqalpog‘istonning respublika budjetiga yo‘naltiriladigan qismining 50 foizi mazkur yer uchastkalari joylashgan tuman (shahar)lar budjetiga ularning qo‘shimcha manbalari sifatida o‘tkaziladi;

Davlat aktivlarini, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionda sotib olish bo‘yicha Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida joriy etilgan imtiyozli qoidalar Qoraqalpog‘istonning barcha hududlariga tatbiq etiladi.

Qoraqalpog‘istonda joylashgan davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablag‘lar, ularni baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamg‘armasiga yo‘naltiriladi (hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlari bundan mustasno);

Qoraqalpog‘istonda suv hisobini yuritish, yo‘qotishlarni kamaytirish va suv ta’minotini barqarorlashtirish dasturi ishlab chiqiladi.

Fuqarolarga 2 gektargacha yer 30 yilga ijaraga beriladi

Fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartiriladigan, aholi punktiga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlardan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlari dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish uchun fuqarolarga, istisno tariqasida, 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga beriladi.

Qoraqalpog‘istonda ekinzorlarning notekisligini va suv resurslarining me’yordan ortiq sarflanishini bartaraf etish maqsadida 2022–2024 yillarda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlari yordamida tekislash uchun har bir gektariga subsidiya ajratish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Chorvachilik tarmog‘i bo‘yicha subsidiyalar Qoraqalpog‘iston uchun 2 yilga uzaytirildi.

Yer maydonlarini sug‘orish uchun chuqurligi 5 metrdan ortiq bo‘lgan har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ilash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga quduqning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan, BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

2023 yil oxirigacha Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteridan kamida 200 ta yangi yuqori unumli kombinatsion texnikalarni xarid qilishi uchun Qoraqalpog‘istondagi fermer xo‘jaliklariga subsidiyalar to‘lanadi.

Shuningdek, farmonga binoan, A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘istondan o‘tgan qismi rivojlantiriladi.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top