18:19 / 10.09.2022
11293
11 yil oldin Shvetsiya to‘rtinchi ligasida, bugun «Chelsi»da. Potterning murabbiylik yo‘li

«Chelsi» bir kechada Tomas Tuxelga o‘rinbosar topdi. «Brayton»da ishlagan Grem Potter yangi bosh murabbiy bo‘ldi.

Foto: Getty Images

«Chelsi» Potter uchun 21 million funt tovon puli to‘laydi, uning shtabi ham Londonga ko‘chib o‘tadi. 47 yoshli murabbiy bilan 5 yillik shartnoma imzolangan. Grem bo‘sh o‘rin uchun asosiy nomzod edi, garchi «Chelsi» Pochettinoga ham ko‘z tikayotgan bo‘lsa-da.

«Chelsi» bosh murabbiyi bo‘lganimdan faxrlanaman va juda xursandman. Yangi xo‘jayinlar bilan ishlash imkoniga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Jamoaning ajoyib futbolchilari bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman. «Chelsi»da muxlislar faxrlanadigan jamoa va madaniyatni rivojlantirmoqchiman», - dedi Potter bosh murabbiy qilib tayinlangach.

Potter 11 yil ichida Shvetsiyaning to‘rtinchi ligasidan «Chelsi»gacha ko‘tarildi. Mo‘jiza emasmi?

«Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi hatto ingliz standartlari bo‘yicha ham o‘rtamiyona futbolchi bo‘lgan. Potter himoyachi sifatida «Sauthempton» tarkibida APLda atigi 8 ta o‘yin o‘tkazgan. Faoliyatining asosiy qismida quyi divizionlarda to‘p surgan.

«Shubhasiz, hech qachon eng yuqori saviyada yoki hatto unga yaqin darajada o‘ynamaganman. Men bunchalik yaxshi futbolchi bo‘lmaganman, bu haqiqat», - deb tan oladi Grem. - 13 yil davomida professional tarzda futbol o‘ynash imkoniyati bo‘lganining o‘zi omad. Ammo, butun mamlakat bo‘ylab, yumshoq qilib aytganda, yaxshi futbolchi bo‘lmaganimni aytadigan muxlislar ko‘p. Bu aniq».

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Potter ta’lim olishni xohladi. Oldin The Open universitetida sotsiologiya bo‘yicha bakalavr diplomini, so‘ngra Lids universitetida yetakchilik va emotsional intellekt bo‘yicha magistr darajasini oldi. Bunga parallel ravishda Grem 2007 yilgi Jahon chempionatida Gana ayollar milliy jamoasining texnik direktori sifatida ishladi, keyinroq Britaniyaning turli universitetlarida murabbiylik qildi.

2011 yilda Potter Shvetsiya to‘rtinchi divizionida ishtirok etuvchi «Estersund» klubida professional murabbiylik faoliyatini boshladi. Buning uchun Grem yaqinda farzandli bo‘lganiga qaramay Angliyani tark etdi.

«Inson, professional va oilaviy miqyosda bu oson bo‘lmadi. Noma’lum joyga, endigina to‘rtinchi ligaga tushib ketgan va oldingi yillarda murabbiylarni tez-tez almashtirib turgan futbol klubiga yo‘l oldik», deydi u.

Potter boshchiligida «Estersund» 7 yil ichida to‘rtinchi diviziondan eng yuqori divizionga ko‘tarildi, Yevropa Ligasi pley-off bosqichiga chiqdi. 2017/18 yillar mavsumida Grem jamoasi Shvetsiya Kubogi g‘olibi sifatida yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, «Galatasaroy», PAOK va «Fola»ni mag‘lub etib, saralashning uch bosqichidan o‘tdi.

Foto: Getty Images

Bu sensatsiya edi, ammo «Estersund» guruh bosqichida ham zo‘r o‘ynadi. «Atletik Bilbao», «Herta» va «Zorya» ishtirok etgan guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Qolaversa, shvedlar Ispaniya klubi bilan bir xil – 11 ochko jamg‘arishdi.

Pley-offda ularga «Arsenal» duch keldi. Potter shogirdlari «Emireyts»da Arsen Venger jamoasini 2:1 hisobida dog‘da qoldirishdi. Ammo dastlabki o‘yindagi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat qarama-qarshilik taqdirini hal etdi.

Foto: Getty Images

Bu muvaffaqiyatlar Potterning Chempionshipdagi «Suonsi» bilan shartnoma imzolashiga olib keldi. «Estersund»ning 2 futbolchisi esa APL klublariga o‘tdi: Karl Sema «Uotford»ga, Saman Quddus «Brentford»ga.

Potter «Suonsi»da bir mavsum ishlab, 10-o‘rinni egalladi, Deniyel Jyeyms uchun Premer-Liga eshiklarini ochdi. «Manchester Siti»ni Angliya Kubogidan tushirib yuborishiga sal qoldi. «Suonsi» 2:0 hisobida oldinda borayotgandi, ammo Aguero yaqqol ofsayddan gol urdi. Yakunda «Suonsi» penaltilar seriyasida yutqazdi.

Shundan so‘ng, «Brayton» Gremni chorladi va murabbiy o‘zini Premer-Ligada sinab ko‘rish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi. U yerda hamma narsani epladi.

Gvardiola Potterni eng yaxshi ingliz murabbiyi deb atadi. Grem «Chelsi»ning yangi xo‘jayini bilan uchrashganida maftun qildi

Potterning «Brayton»i asta-sekin yuqoriga qarab ko‘tarildi. Birinchi mavsumida Grem jamoasi 39 ta gol urib, 41 ochko to‘plagan holda o‘z rekordini yangiladi. Bu 15-o‘ringa olib keldi. Potter «Arsenal»ni yana 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Keyingi yili natija deyarli bir xil bo‘ldi — 41 ochko, 40 gol va 16-o‘rin. Ammo Potter jamoasini liganing eng omadsizi deb atashdi. Ular yorqin o‘yin ko‘rsatishdi, ko‘plab vaziyatlarni golga aylantira olishmadi, darvoza ustunlari va to‘sinlari «nishonga olindi».

Foto: Getty Images

«Brayton» o‘tgan mavsumni 9-o‘rinda yakunladi, bu yangi rekord. Tarixdagi eng yaxshi natijani kuchli start (dastlabki beshta turda 4 ta g‘alaba) va quvnoq finish ta’minladi – aprel boshidan ular 9 ta o‘yinda 5 marta g‘alaba qozonishdi va faqat «Manchester Siti»ga yutqazishdi.

«Brayton» joriy mavsumda «Chelsi» va «Liverpul»dan yuqorida, 4-o‘rinda bormoqda. Birinchi turda esa «Old Trafford»da «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etgan.

Potter muntazam ravishda hamkasblari tomonidan hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lmoqda

«Brayton» – to‘p bilan va to‘psiz o‘yinlarni tashkil qilish texnikasini tanlashda ajoyib variantlarga ega ko‘pqirrali jamoa. Ular har doim to‘pni yaxshi nazorat qilishadi va uni tezda qaytarib olishadi», deydi Marselo Biyelsa.

Foto: Getty Images

«Grem Potter ishini juda hurmat qilaman. U haqiqatan ham kuchli futbol o‘ynaydigan jamoa tuzdi. Ular dadil o‘ynamoqda. Potter murabbiy sifatida juda yaxshi ishladi» – Yurgen Klopp maqtovi.

«Menga bu jamoa juda yoqadi. Ularda ajoyib murabbiy, ajoyib futbolchilar va o‘yinga ajoyib yondashuv bor. Televizorni yoqsangiz, «Brayton» tomoshabop o‘ynayotganini ko‘rasiz. Ularga qarshi kurashish har doim qiyin. Ularda yaxshi o‘yinchilar yetarli. Grem Potter – ajoyib murabbiy va ularni mag‘lub etish juda qiyin», degan edi Tuxel 2021 yil dekabrida.

«O‘yindan oldin futbolchilarimga eng yaxshi ingliz murabbiyi jamoasi oldida turganimizni aytdim. Men ularning barcha o‘yinlarini ko‘rdim va raqibga nisbatan yaxshiroq harakat qilishini, statistikasi yaxshiroq ekanini bildim», degan edi Gvardiola «Brayton»ga qarshi o‘yinlardan birida.

Pep umuman olganda Potterning eng katta muxlislaridan biri. U Gremni tez-tez eng yaxshi ingliz murabbiyi deb ataydi. «Brayton»dagi birinchi mavsumida ham maqtovlarni yog‘dirgan:

«Tomoshabin sifatida men bunday jamoalarni yaxshi ko‘raman. «Brayton»ning o‘yini menga yoqadi. Sobiq futbolchi sifatida shunday jamoada o‘ynashni istardim. Grem Potter yaxshi futbol o‘ynash uchun favorit bo‘lish shart emasligini barcha murabbiylarga ko‘rsatdi. Uni juda hurmat qilaman. Umid qilamanki, u Premer-Ligada qolishga yordam beradigan natijalarni ko‘rsata oladi. Chunki uning o‘yin uslubi jahon futboliga katta yordam beradi».

Boeli Potterni qanday topdi?

Yozda «Chelsi» xo‘jayini Todd Boeli «Brayton» bilan Mark Kukurelya transferi bo‘yicha shaxsan muzokara olib bordi. Amerikalik biznesmen Grem Potter bilan bog‘lanib, futbolchining shaxsiy fazilatlari va jamoaga qanchalik mos kelishi haqida suhbatlashgan.

Boeli Potterdan futbolchilar bilan qanday ishlash, jamoani qanday boshqarish haqida ma’lumot olgan. Shuningdek, uning top-klublarni boshqarish istagi borligini bilgan.

The Athletic xabariga ko‘ra, bir yil avval Potterni «Tottenhem» chorlagan edi. Biroq, Grem oilaviy sabablarga ko‘ra Braytondan ketishga jur’at qilmagan – uning rafiqasi va bolalari endigina shaharga ko‘nikib olishgan edi. «Chelsi» ham Londondan, ammo «ko‘klar» qarorgohi janubda, Braytondan atigi bir yarim soatlik yo‘lda joylashgan. Bundan tashqari, Potter «Tottenhem» xo‘jayini Levi yangi jamoa shakllantirish uchun unga vaqt berishidan shubha qilgan. Boeli bilan esa til topishgan ko‘rinadi.

Potter «Chelsi»dagi vazifani eplaydimi?

Hammasi uning oldiga qanday vazifa qo‘yilganiga bog‘liq. Agar natijalari pasayib ketgan top-klubni zudlik bilan g‘alabali yo‘lga qaytarish kerak bo‘lsa – bunday vazifa top-murabbiylar uchun ham oson emas. Potter oldin katta klublar va top-futbolchilar bilan ishlamagan. Ko‘plab maqtovlarga qaramay, «Estersund», «Suonsi» va «Brayton» boshqa darajadagi, «Chelsi» esa umuman boshqa darajadagi klub. O‘rtamiyona klublarda qatorasiga 5-6 ta muvaffaqiyatsiz o‘yin sezilmaydi, ammo bunday holat «Chelsi»da yuz bersa, iste’fo masalasi darhol kun tartibiga qo‘yiladi.

Agar natijalardan qat’i nazar, yangi, raqobatbardosh jamoani shakllantirish kerak bo‘lsa – Potter buni eplashi mumkin. Buning uchun vaqt kerak, shuningdek, balki natijalarni ham boy berishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Boeli bunday holatda yuzaga keladigan homiylar va muxlislar bosimini ko‘tara oladimi?

Shubhasiz, har qanday variantda Potter ishini kuzatish qiziqarli bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top