15:26 / 11.09.2022
17360

«Rossiya armiyasi orqasini ko‘rsatmoqda». Zelenskiy Ukraina armiyasining muvaffaqiyatlari haqida

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina armiyasi sentabr oyi boshidan buyon ikki ming kvadrat kilometrdan ortiq hududini ozod etgan. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy 10 sentabr kuni kechqurungi murojaatida aytib o‘tdi.

«Bizning jangchilarimiz frontning turli yo‘nalishlarida harakatlanishda davom etmoqda. Sentyabr oyi boshidan buyon faol harbiy harakatlar natijasida hududimizning ikki ming kilometrdan ortiq qismi ozod etildi. Rossiya armiyasi bu kunlarda qo‘lidan kelgan eng yaxshi ishini namoyish etmoqda — orqasini ko‘rsatmoqda», degan u. 

8 sentabr kuni Zelenskiy oy boshidan buyon Ukraina ming kvadrat kilometrdan ortiq hududini ozod qilgani haqida aytgandi. 9 sentabr kuni u Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida 30 dan ortiq aholi punktlari ustidan nazoratni qaytarib olgani haqida ma’lumot berdi.

«Meduza» nashrining 10 sentabr kungi hisoblariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari oy boshidan buyon 4200 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni (agar Izyum shahri va Izyum platsdarmi hududidagi aholi punktlari ham hisobga olinsa, bu hududlarni Rossiya qo‘shinlari tashlab ketgan) qaytarib olgan.

Shu haftada Ukraina armiyasi Xarkiv oblastining bosib olingan hududlarida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi. 8 sentabr kuni Rossiya qo‘shinlari qurshovga tushib qolmaslik uchun Balakliya shahrini tashlab chiqdi, 10 sentabr kuni bu ish Kupyansk shahrining g‘arbiy qismida va Izyum shahrida takrorlandi.

10 sentabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi ilk bor Xarkiv oblastidagi chekinish bo‘yicha izoh berdi. Vazirlik buni «Donetsk yo‘nalishida sa’y-harakatlarni kuchaytirish» maqsadidagi «qayta jamlash amaliyoti» deb izohlagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top