13:04 / 19.09.2022
8186
«Murabbiy hech qachon jurnalistni yenga olmaydi. Muammolarni sizlardan yaxshiroq ko‘ra olaman» - Katanets bilan matbuot anjumani

O‘zbekiston milliy jamoasi 20-27 sentabr kunlari Janubiy Koreyada yig‘in o‘tkazadi va u yerda Kamerun (23 sentabr) hamda Kosta-Rikaga (27 sentabr) qarshi o‘rtoqlik bahslarida maydonga tushadi. 

Foto: Tribuna.uz

Jamoa yig‘inga ketishi oldidan bosh murabbiy Srechko Katanets ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Jahon chempionati ishtirokchilariga qarshi o‘ynaymiz. Qiyin ikki o‘yin kutyapman. Hali bu darajadagi bahslarni o‘tkazmagandik. Xavotir olmayapman, lekin qiziq bo‘ladi. Raqiblarni o‘rgandim. Konsentratsiyani saqlab o‘ynashimiz kerak.

Natija? Bu — o‘rtoqlik o‘yini. Chempionatdagi futbolchilar va legionerlarni ko‘rib olishim kerak. Raqiblar ham mundial oldidan barcha futbolchilarini tekshirib olishadi. Qo‘rqmayapmiz. Maqsad — Osiyo Kubogi-2023ga yaxshi formada yetib borish.

O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini kuzatyapman. Futbolchilar juda kam gol urishmoqda. Bu muammo meni tashvishlantirmoqda. Yetakchi jamoalar atigi 30taga yaqin gol urishgan.

Haligacha futbolchilarni kuzataman.  Men chaqirgan o‘yinchilar zamonaviy futbol o‘ynash uchun yetarli xususiyatlarga ega. Jahon chempionatida qatnashadigan jamoalarga qarshi o‘yinlarga har kimni ham chaqira olmaymiz. 

Oston O‘runov  va Shahboz Umarovni kelajakda foyda keltirishiga ishonaman. Ularning potensiali bor.

Jamshid Iskanderov va Jamshid Boltaboyev chaqirilmagani? Siz Kamerun milliy jamoasi o‘yinlarini kuzatdingizmi? Bunday jamoalarga qarshi bahsga Iskanderov mos kelmaydi. Superliga boshqa daraja, Kamerun esa boshqa. Ularning eng bo‘yi past futbolchilari — 180sm. Noyabrdagi yig‘inda boshqalarga ham imkoniyat beramiz.

Siz jurnalist sifatida nega kam o‘ynayotgan Eldor Shomurodovni chaqirayotganimni so‘rashingiz mumkin. Lekin Shoma o‘ynamasa ham, chaqiraveraman. Mening javobim — Kamerun va Kosta-Rikadek jamoalarga qarshi bahsga men bilan bir yil davomida ishlamagan futbolchilarni jalb qilish noto‘g‘ri.

Jalolidddin Masharipovning yo‘qligi? Uning o‘rniga faqat Oybek Bozorov bor.

Superligada o‘tgan mavsum bilan bu yilgisining farqi katta. Menimcha, avvalgi mavsumda saviya yaxshiroq edi. «Paxtakor» va «Nasaf» pasaygan, ular hali ham chempionlik uchun kurashmoqda. Menimcha, nimadir noto‘g‘ri ishlamoqda.

Milliy jamoa klubga o‘xshab qolyapti? Bu — mening ishim. Natijaga javobgarman. Muammolarni sizlardan ko‘ra yaxshiroq ko‘ra olaman. Agar Osiyo Kubogini yutmoqchi bo‘lsak, yaxshi himoyalanishimiz kerak. Yulduz futbolchilar kam yugurishi mumkin emas. 

Lekin bilaman: murabbiy hech qachon jurnalistni yenga olmaydi. Nima qilsam ham, qarama-qarshilik bo‘ladi. Xatolar qilsam, bu — normal holat. Har qanday murabbiy xatodan kafolatlanmagan.

1 yil ichida nima o‘zgarish qila oldim? Bunga baho berish — sizlarning ishingiz. O‘zimga baho bera olmayman. Natija tomondan qarasak, ko‘nglim to‘lyapti. Tailanddek yaxshi jamoani yirik hisobda mag‘lub eta oldik. Osiyoda bunday jamoalarga ko‘p gol urish oson emas. Yaxshilandik, deb ayta olaman.

Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini? Bu haqda bilmayman. Noyabrdagi o‘yinlarimiz hali aniq emas. Bu yaxshi emas, albatta.

U-23 jamoasi uslubi boshqacha ekanligi? Milliy jamoa bilan yoshlar jamoasining bir xil uslubda o‘ynashi qiyin. Faqat Ispaniyada bu tizim yaxshi ishlaydi. 

Ayrim yosh futbolchilarimiz yomon tomonga o‘zgarib ketishmoqda. Sal natijaga erishgach, dimog‘dor bo‘lib ketishmoqda. Kim haqida gapirayotganimni bilayotgandirsiz. Futbol o‘ynashi kerak bo‘lgan yigitlar o‘yinni hakamlar bilan tortishib o‘tkazmoqda. Ular men kutgandek o‘ynashmayapti. O‘sishdan to‘xtab qolishmoqda.

Yosh futbolchilarni maydonga tushirib, «ularni sinab ko‘rdim» deb bahona qilishim mumkin. Lekin bunday qilmayman.

Otabek Shukurov? U bir qadam oldinga qadam tashlab, Turkiya chempionatiga o‘tganidan xursandman. Uning tanlovidan xavotirlangandim, lekin barqaror o‘ynab ketdi. Yevropaning kuchli ligalarida o‘ynayotgan futbolchilarimiz ikki nafarga yetdi», — deya Katanetsning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Top