14:33 / 30.09.2022
5557

AQSh: «Shimoliy oqim»dagi sizib chiqishlarda kim aybdor ekani hali aniq emas

AQSh Mudofaa vaziri Ostin tergov natijalarini kutishga chaqirdi. Ularsiz hech kim haqiqatda nima bo‘lganini aniqlay olmaydi, deb tushuntirdi u.

Foto: Getty Images

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlariga yetkazilgan zararlar ortida kim turgani haqida taxmin qilishga hali erta. «O‘ylaymanki, hozirda quvurlarga hujum yoki shikastlanish haqida juda ko‘p mish-mishlar bor. Lekin ochig‘ini aytganda, to‘liq tergov o‘tkazilmaguncha, hech kim haqiqatda nima bo‘lganini aniq ayta olmaydi», - dedi u Havayida payshanba, 29 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ostinning aytishicha, u voqeani bir kun oldin daniyalik hamkasbi bilan muhokama qilgan hamda u «voqea joyini ko‘rib chiqish va iloji boricha haqiqatda nima bo‘lganini aniqlash uchun mos jamoani shakllantirish uchun bir necha kun ketishini aytgan». «Qo‘shimcha ma’lumotlar olinmaguncha yoki qo‘shimcha tahlillar o‘tkazilmaguncha, kim javobgar bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin qilmaymiz», - deya xulosa qildi Pentagon rahbari.

«Shimoliy oqim»ning ikkita tarmog‘i va «Shimoliy oqim-2»ning bitta tarmog‘ida sizib chiqish holatlari 26 sentabr kuni ma’lum bo‘ldi. Yevropa ittifoqi rasmiylari quvurlar ataylab shikastlangan deb hisoblayapti. Hodisalar Germaniya, Daniya va Shvetsiyada tekshirilmoqda. Nemis razvedka idoralari bu g‘avvos yoki suvosti kemasi yordamida amalga oshirilgan sabotaj bo‘lganini taxmin qilmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular butunlay ishdan chiqishi mumkin.

Mavzuga oid
Top