12:08 / 01.10.2022
10857

“Hozirgi o‘quvchilarga qattiqqo‘llik kifoya emas, maqtov va shirin so‘z ham kerak” - tajribali pedagog bilan suhbat

Nodiraxon Ahmadjonova uzoq yillardan buyon Asaka tumanidagi 55-maktabda dars berib keladi. U tong soat 6da bolalarga bepul qo‘shimcha darslar o‘tib, OTMga tayyorlaydi. Tajribali pedagog Kun.uz bilan suhbatda o‘quvchilarning maktabdagi va repetitordagi o‘zlashtirishi va davomati turlicha ekani, buning sabablari haqida gapirib berdi.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi 55-umumta’lim maktabi 1938 yil qurilgan. Maktab tumanning qoq markazida joylashgan bo‘lishiga qaramay, uzoq yillar davomida kapital ta’mirlanmasdan qolmoqda.

Hozir bu yerda 2177 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab esa aslida 1060 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

Eski maktabda umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan Nodiraxon Ahmadjonova uzoq yillar davomida bolalarga ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelyapti. 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Nodiraxon opaning faoliyatiga nazar soldik.

1997 yil ilk bora bolalarga dars berishni boshlagan ustoz minglab shogirdlar yetishtirgan. U tonggi 6 dan boshlab bolalarga bepul qo‘shimcha darslar o‘tib, oliy ta’lim muassasasiga tayyorlaydi.

“Har haftada 2 soatdan, bir oyda 8 soat o‘quvchilarga bepul qo‘shimcha dars o‘taman. Avvaliga 2 yil mobaynida maktabda qilib ko‘rdim, bu yildan boshlab esa o‘quv markazi tashkil qilib, o‘quv markazida o‘tyapman. Shunda ham kimdir harakat qilib yaxshi o‘qiydi, kimdir esa yo‘q, majburlagandek kelishadi.

Shu darsni kursda qanday o‘tsam, maktabdagi darsda ham shunday o‘taman, nazarimda tizimni o‘zgartirish kerakmi, deb o‘ylab qolaman: sinfda o‘quvchilar olayotgan bilim bilan repetitorlik kurslarida olinayotgan bilimning farqi anchagina. Repetitorga kelgan o‘quvchi darsni mukammalroq o‘zlashtiradi.

Sinfdagi o‘quvchilarning hammasiyam tilchi, tarjimon yoki iqtisodchi bo‘lavermaydi. Masalan, iqtisodchi bo‘lmoqchi bo‘lgan o‘quvchidan mumtoz adabiyotni talab qilolmaymiz. O‘quvchilarni iqtidorli yoki iqtidorsiz qilib emas, ularning qiziqish va xohishlarni inobatga olgan holda sinflar tashkil qilish kerak, shundagina kutilgan natijani berishi mumkin. O‘quvchi o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha o‘qisa yaxshiroq menimcha, chunki unda maqsad bo‘ladi. Hozirgi umumiy ta’limimizda o‘quvchida maqsad yo‘q deyolmayman, lekin ular go‘yoki hamma fanni o‘qishga majburdek.

2 yil davomida bepul, ixtiyoriy, haftada 3 martadan, bir oyda 12 soat tong sahar ertalabdan uyqumdan voz kechib kelib dars o‘tdim. Men hayron qoldim – 30 ta o‘quvchi bilan boshlagan bo‘lsam, bir kun 25 ta, bir kuni 24 ta, bir kuni 30ta, har kuni kimdir kelmay qolaveradi, ota-ona mas’uliyat bilan jo‘natmaydi yoki o‘quvchining o‘zida mas’uliyat yo‘q, buni maktabda to‘liqligicha anglab yetishmas ekan. Lekin o‘quv markazida o‘tayotgan pulli kursimga to‘liqligicha, vaqtida kelishadi. Ikkalasida ham bir xil tizim, bir xil kitobdan test ishlatib o‘taman darsni. Bundan xulosa qilib aytishim mumkin, qachonki o‘qituvchi bilan o‘quvchining maqsadi birlashsagina, u o‘z mevasini beradi”.

Nodira Ahmadjonovaning o‘qituvchi bo‘lishiga uning oilasidagi muhit, shuningdek, qaynota-qaynonasining yetarli imkoniyat yaratib bergani va birinchi ustozining turtkisi sabab bo‘lgan.

“Bu kasbni tanlashimga rahmatli ustozim Maqsuda opa sababchi bo‘lgan. Aslida bolaligimdan dizayner-chevar bo‘lishni orzu qilganman. 4-5-sinfdan boshlab, ukalarimga kiyim tika boshlaganman, kiyimlarning andazasini o‘zim chizib, o‘zim bichib tikardim. Dadam quvonsalar bundan zavqlanardim. Ustozim tanlagan kasblarimizni yozayotganda: “Sen tug‘ma o‘qituvchisan, sendan o‘qituvchi bo‘lishing kerak”, degandilar. Bu onamning ham orzusi edi, ular ham o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganlar lekin u paytda qizlarning o‘qishini ko‘pchilik xohlamagani sababli ularning orzulari ushalmagan. Shu sabablimi onam ham mening shu kasbni egallashimni istagandi. Ustozimning tavsiyasi va onamning orzusi bilan men ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lganman.

Bu kasbni egallashimning yana bir sababchisi – dadam. Dadam zavodda injyener bo‘lib ishlaganlar. Kasbi injyener bo‘lsa-da, uyimizda 2 mingdan ortiq kitoblari bo‘lardi. Dadamning o‘zining shaxsiy muhri bo‘lgan. Bizning kutubxonamizda hech qanday qog‘oz yuritilmasa-da butun mahalla ahli kelib kitob olib o‘qirdi. Dadamning kitoblarini o‘qib, adabiyotga bo‘lgan mehrim yanada oshgan. Kelin bo‘lib kelgan uyimda ham qaynotam fizika o‘qituvchisi, qaynonam uy bekasi, lekin uyda har kuni Yassaviy hikmatlari, So‘fi Olloyor, Mashrab g‘azallari o‘qib tahlil qilinayotgan bo‘lar edi.

Bizning davrimizda mumtoz adabiyot fani yaxshi o‘qitilmagan, chunki o‘zbek adabiyotining eng yaxshi, haqiqiy asarlari xalqdan yashirin tutilgan davrga to‘g‘ri kelgan o‘quvchilik davrimiz. Men o‘tishga qiynaladigan mavzularimni hech qanday ma’lumoti yo‘q qaynonamdan o‘rganib, dars o‘tgan kunlarim bo‘lgan”.

Nodira opa hayoti davomida biror marta o‘z kasbidan noligan emas. Doimo kasbini sevgan va uni ardoqlagan. Hozirda tanasida dard bilan kurashayotganiga qaramasdan, bolalarga dars o‘tishni sevadi.

“Shu paytga qadar biror marta kasbimdan nolimaganman. Hozirda sog‘ligimda ozgina muammolar bor. Uyda o‘tirsam ham kunim o‘tadi, lekin men uyda o‘tirsam og‘rib qolaman. Maktabga kelib o‘quvchilarni ko‘rsam ruhiyatim ko‘tariladi. Deylik, boshim og‘rib maktabga keldim, o‘quvchilar va ustozlar bilan muloqot davomida og‘riqni ham unutaman. Bu mening kasbimga bo‘lgan mehrimdan dalolat. Yana qayta kasb tanlash imkoniyati berilganda albatta o‘qituvchilik kasbini tanlagan bo‘lardim”.

Qahramonimiz nafaqat o‘quvchilar balki tumandagi o‘qituvchilarning ham malakasini oshishiga doimiy tarzda o‘z hissasini qo‘shib keladi. Yillar davomida to‘plagan tajribasini hamkasblari bilan o‘rtoqlashadi. Bundan tashqari, uning darsiga o‘quvchilarning davomadi doimiy to‘liq bo‘ladi. Buning sababini quyidagicha izohladi:

“Avvalgi o‘quvchilarga qattiqqo‘llik qilardik, lekin hozirgi holatdagi o‘quvchiga qattiqqo‘llik kifoya emas, ularni shirin so‘z bilan, maqtov bilan, motivatsiya bilan ushlab turish mumkin, qattiqqo‘llik bilan emas. 10 yil oldin bitirgan o‘quvchilarimga bir og‘iz gap kifoya bo‘lgan. Hozirgi o‘quvchilarning diqqatini tortib oladigan narsalar ko‘p, ularning diqqatini jalb etish o‘qituvchidan katta mahorat talab qiladi”.

Uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan Nodira Ahmadjonova moddiylik yoki unvon ortidan quvmagan. Minglab shogirdlarga ustozlik qilgan o‘qituvchining maqtangulik unvoni yo‘q. U doim o‘z shogirdlarining yutuqlari bilan quvonadi. Uning medali ham, unvoni ham shogirdlari ko‘pligidir.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Top