Bugun O‘zbekiston bolalari o‘z kelajagini yaxshi qurish uchun repetitorga borishga majbur. Busiz ular prezident maktabiga ham, sifatli oliygohga ham kira olmaydi. Xo‘sh, nega shunday bo‘lib qoldi? Kelgusida bizni qanday oqibatlar kutayotgan bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston bo‘ylab ayniqsa shaharlarda o‘quvchilarning maktabdan tashqari pullik ta’lim xizmatlari, ya’ni repetitorlarga borishi juda ommalashgan. Juda ko‘p ota-onalar farzandlarini matematika, kimyo, biologiya kabi fanlar yoki til darslariga berishadi. Ayniqsa, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga repetitorsiz kira olishi mifga aylangandek.

Xo‘sh, aslida bunday ta’lim xizmatlariga nima uchun ehtiyoj paydo bo‘ladi? Uning mamlakat va jamiyatga manfaatli yoki zarar tomonlari nimada? Kun.uz mavzuni tahlil qilish uchun ta’lim sohasi vakillari – pedagog Shokir Tursunov, tadbirkor va bir qancha o‘quv markazlari asoschisi Umidjon Ishmuhammedov, ham o‘qituvchi, ham tadqiqotchi Iskandar Sattiboyev bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda repetitorlarga ehtiyojning ortganini maktab ta’lim sifati bilan korrelyatsiyasi bormi?

Iskandar Sattiboyev: Ta’lim jarayoniga nima sabab bunday ajiotaj bilan munosabatda bo‘linyapti, ya’ni nima uchun ota-onalar kerak bo‘lsa yuzlab, minglab dollarni repetitorlarga sarflashga tayyor? Chunki mamlakatimizda oliy ta’lim ijtimoiy tramplin hisoblanadi. Oliy ta’limga va uning diplomiga ega inson shu bilan ishga joylashishi, nisbatan barqaror maoshga ega bo‘lishi va natijada kelajakda “o‘zini eplaydigan odam” bo‘lishi mumkin. O‘quvchi yoki farzandini oliy ta’limga joylashtishtirishni maqsad qilgan ota-onaning perspektivasi shu.

Iskandar Sattiboyev

Bu jarayonda davlat ta’lim muassasalari qanday yordam bera olyapti? Afsuski, repetitor tayyorgarligisiz OTMga kirish aytib o‘tganingizdek mifga aylanyapti yoki aylanib bo‘lgan. Nimaga? Chunki bugungi kunda, tan olishimiz kerak, OTMga kirish uchun raqobat o‘ta kuchli. Imtiyozlar tufayli hamma fandan 100 foiz to‘g‘ri yechgan talabalar ham hatto budjetga kira olishmagan holatlar bo‘ldi. Ozmi-ko‘pmi nufuzga ega OTMga kirishni istagan yosh hamma kerakli fanlar bo‘yicha qattiq tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Bugungi kunda bir haqiqatga ko‘z yuma olmaymiz, ko‘p davlat ta’lim muassasalari bu talabga javob bera olmayapti. Natijada shartli ravishda paydo bo‘lgan bo‘shliqni xususiy sektor to‘ldiryapti. Muammoni hal qilish uchun xususiy sektor o‘z o‘quv kurslarini taqdim qilyapti.