Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Asaka tumani prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati prokuraturasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda bir fuqaro Asaka tumani prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan boshqa fuqarodan talab qilingan 15 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibida ushlangan.
“Asaka tumani prokurorining o‘rinbosari tadbirda pora bilan qo‘lga tushganligi haqidagi ma’lumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Oldinroq DXX Andijonda tuman prokurori o‘rinbosari va tergovchisini qo‘lga olgandi. Ular fuqarodan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan edi.















