23:14 / 06.10.2022
8627

To‘qayev Qozog‘iston prezidentligiga xalq koalitsiyasidan nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishga rozi bo‘ldi. Uning nomzodi yaqinda tuzilgan xalq koalitsiyasidan qo‘yiladi. Avvalroq, To‘qayevning o‘zi Qozog‘istonda navbatdan tashqari saylov o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida xalq koalitsiyasidan ishtirok etishga rozilik berdi.

«Turli jamoat tashkilotlari menga ushbu saylovda nomzodimni qo‘yishni taklif qilishdi. <…> Prezident saylovida ishtirok etish men uchun katta sharaf va mas’uliyat... Koalitsiya tarkibiga yetakchi siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari va harakatlar kirgani juda muhim. Shunday asosda koalitsiya barcha ijtimoiy qatlamlarni qamrab oldi», — dedi To‘qayev va davlat rahbari bir partiyaga ustunlik bermasligini, siyosiy jihatdan betaraf bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

6 oktabr kuni parlamentdagi uchta partiya – «Amanat», «Ak Jol» va Qozog‘iston Xalq partiyasi o‘z qurultoyida amaldagi davlat rahbarini muddatidan oldin o‘tkaziladigan prezident saylovi uchun nomzod sifatida ko‘rsatdi. «Amanat» rahbari Yerlan Koshanov To‘qayev nomzodini ilgari surish uchun uni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalarining xalq koalitsiyasi tuzilgani haqida ma’lum qildi.

To‘qayev 2019 yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti, mamlakatni 1990 yildan beri boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan so‘ng prezidentlik lavozimini egallagan edi. 

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng, To‘qayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Unda davlat rahbari faqat bir marotaba, yetti yillik muddatga saylanishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Ilgari prezident besh yilga saylangan, biroq qayta saylanish huquqiga ega edi.

Shundan so‘ng, To‘qayev noyabr oyida, muddatidan ikki yil oldin navbatdan tashqari prezident saylovini o‘tkazishni taklif qildi.

Top