11:03 / 27.10.2022
10673

Suriya Mudofaa vazirligi: Isroil Damashq atrofiga zarbalar berdi

Isroil Damashq atrofiga bir necha bor havo hujumlari uyushtirdi, deb xabar berdi Suriya Mudofaa vazirligi. Suriya inson huquqlari monitoringi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, nishonlar Suriya poytaxti aeroporti yaqinida joylashgan.

Foto: AFP

Isroil 27 oktyabr, payshanbaga o‘tar kechasi Damashq chekkasiga bir necha bor havo hujumlarini amalga oshirdi, deb xabar berdi Suriya Mudofaa vazirligi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, uchirilgan bir nechta raketa havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan tutib olingan. Isroilning o‘qqa tutishi «moddiy zarar yetkazdi», biroq Mudofaa vazirligi bu bo‘yicha hech qanday tafsilot keltirmadi.

AFP'ning Suriyadagi muxbiri poytaxtda chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi portlashlar eshitilganini tasdiqladi. Suriya inson huquqlari monitoringi markazi (Buyuk Britaniyada joylashgan inson huquqlari tashkiloti) ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar Damashq xalqaro aeroporti yaqiniga amalga oshirilgan.

Suriyada fuqarolar urushi boshlangan 2011 yildan beri Isroil mamlakatdagi nishonlarga «yuzlab» havo hujumlarini amalga oshirdi, deb eslatadi AFP. Zarbalar maqsadi Asad rejimiga sodiq Suriya qo‘shinlari, shuningdek, Hizbulloh guruhi kabi ittifoqchilarning pozitsiyalari bo‘lgan. Xususan, 14 avgust kuni Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining Suriyadagi asosiy bazasi hisoblangan Tartus porti yaqinida joylashgan Eron harbiy obektlariga zarba berildi.

20 oktyabr kuni The New York Times gazetasi Rossiya Federatsiyasi Suriyadan umumiy 1600 nafargacha askari va S-300 zenit-raketa komplekslari bo‘lgan ikki batalon qo‘shinini olib chiqqani haqida xabar berdi. Isroil armiyasidagi gazeta manbasining qo‘shimcha qilishicha, Suriyadan bir necha rossiyalik qo‘mondon allaqachon Ukrainaga ko‘chirilgan. Yaqinda Ukrainadagi rus qo‘shinlari guruhiga qo‘mondonlik qilib tayinlangan general Sergey Surovikin ham avvalroq Suriyadagi janglarga boshchilik qilgan.

Turli nashrlar bir necha oylardan beri Rossiya Federatsiyasi Suriyadagi harbiy ishtirokini Ukrainada mustahkamlash maqsadida kamaytirayotgani, shuningdek, Ukraina frontiga suriyalik yollanma askarlarni yuborayotgani haqida yozmoqda. Sentabr oyida OAV Rossiya Ukrainadagi katta yo‘qotishlar fonida Suriyadagi mojaroga «siyosiy yechimni tezlashtirishga» urinayotgani haqida xabar bergan edi.

Ayni paytda, Kiyev Rossiyaning o‘z hududiga yirik zarbalaridan so‘ng Isroildan Ukraina shaharlarini himoya qilish uchun samarali havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rasman so‘radi.

Mavzuga oid
Top