19:46 / 29.10.2022
22107

Samarqandda soxta harbiy maktab yuzlab ota-onalarni chuv tushirdi: qonuniy xususiy maktablarni qanday farqlash mumkin?

Firibgarlar Samarqand shahrida xususiy harbiy maktab ochilganini aytib, turli viloyatlarda yashovchi ota-onalardan 2 oy davomida pul olib kelishgan. O‘qish boshlanadigan kun «harbiy maktab» uchun ochilgan Telegram guruhi kiyim-kechak guruhiga aylantirilib, «maktab rahbarlari» yo‘qolib qolgan.

Foto: KUN.UZ

Jimjimador e’lonlar

Tarqalgan videoga ko‘ra, 2022/23 o‘quv yili boshlanmasidan oldin Samarqandda «Temuriylar maktabi» nomi ostidagi harbiy xususiy maktab ochilayotgani va unga qabul boshlangani haqida e’lonlar yopishtirib chiqiladi. Maktab manzili deya Samarqand shahri Hunarmandlar mahallasi ko‘rsatiladi.

E’londa maktabga 7–21 yoshdagi yigit-qizlarning o‘qishga qabul qilinishi, o‘quvchilar yotoq va 3 mahal ovqat, harbiy sport formasi bilan ta’minlanishi yozib qo‘yilgan. Shuningdek, o‘quvchilarga haydovchilik guvohnomasi, kirish imtihonlarida 72 ball qo‘shib berilishi ham ko‘rsatilgan. O‘quvchilarga rus tili, matematika, fizika, tarix fanlari o‘qitilib, taekvondo, poligon dala mashqlari, suzish kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari haqida va’dalar berilgan.

Bu va’dalar ko‘plab ota-onalarni qiziqtirib, respublikaning turli viloyatlaridan ota-onalar farzandlarini maktabga yozdirib qo‘yishadi. O‘quv yili sentabrda boshlanishiga qaramay, firibgarlar maktabda ta’mirlash ketayotganini aytib, aldab kelishgan.

Maktab ham, rahbar ham yo‘qolib qolgan

Ma’lum bo‘lishicha, ota-onalardan farzandlari harbiy maktabda o‘qishi uchun 2 oy davomida pul yig‘ib kelingan.

Maktabga o‘g‘lini o‘qitish uchun to‘lov qilgan ona Dildora Abduvohidovaning aytishicha, u maktab uchun 1 million 230 ming so‘m pul bergan.

«Qo‘limda cheki ham turibdi. Bu qonuniy yoki yo‘qligini bilmayman. Ular menga maktabda o‘sha paytda ta’mirlash ketayotgani, 3 oktyabrdan maktab ochilishini aytishgan. Biz hammamiz kutdik. Bolalarimiz maktabga bormadi. Uyda o‘tirib, ta’limdan qoldi», — deydi ayol.

Yana bir ota bolasini Navoiydan ko‘rpa-to‘shagi bilan olib kelganini aytadi.

«Bizni soat 3ga chaqirishgan. Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryodan odamlar kelib kutib turishibdi», — degan ota.

Ota-onalarning aytishicha, va’da qilingan o‘quv yili boshlanadigan kun harbiy maktab uchun ochilgan Telegram guruhi kiyim-kechak guruhiga aylanib qolgan.

«Bizga bergan telefon raqamlari ham o‘chirilgan ko‘rsatyapti», — deydi ayollardan biri.

Firibgarlar aniqlangan

Samarqand viloyat IIB firibgarlar kim ekani aniqlanganini ma’lum qilib, jabrlanganlar Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga murojaat qilishlari mumkinligini bildirgan.

«Hozirda fuqaro S.Bozorova, o‘g‘li A.Uzoqov va ularning sheriklariga nisbatan tadbirkorlik niqobi ostida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya olmasdan, noqonuniy ravishda Samarqand shahri «Hunarmandlar» MFY Bedil ko‘chasi 17-uyda «Temurbek o‘g‘lonlari QKTM maktabi» nodavlat ta’lim muassasasini tashkil qilgani va ko‘plab fuqarolardan pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «b» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi IIB munosabatida.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi nima deydi?

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, xususiy harbiy maktab haqidagi e’lonlar onlayn emas, qog‘oz varaqa shaklida chiqarib tarqatilgan.

«E’lonlar internet platformalarida berilganda biz turli ijtimoiy tarmoqlar orqali bundan xabar topgan bo‘lardik», — deydi matbuot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov.

Shuningdek, inspeksiya Samarqand viloyatidagi «Temuriylar maktabi» nodavlat harbiy umumiy o‘rta ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Ta’lim inspeksiyasidan litsenziya olmagani, bu muassasa litsenziya olish uchun murojaat ham qilmaganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu maktabda farzandini o‘qitishni istagan ota-onalar yoki mahalliy tashkilotlar uning faoliyati qonuniy asosda yo‘lga qo‘yilganini aniqlash bo‘yicha inspeksiyaga yoki hududiy bo‘limiga savol bilan murojaat qilmagan.

«Ota-onalar ichki ishlar organlariga xabar bergach, muassasa faoliyatini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhda inspeksiyaning hududiy bo‘limi xodimi ham ishtirok etgan. Bu tashkilotga aldanib qolgan o‘quvchilarni o‘z yashash hududidagi maktablarga joylashtirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriq berilgan», — deydi inspeksiya matbuot xizmati rahbari.

Noqonuniy ta’lim muassasalarini farqlash

Turli noqonuniy ta’lim tashkilotlariga aldanib qolmaslik uchun ulardan litsenziyasini ko‘rsatishni talab qilish kerak. Yoki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlar ro‘yxatidan bilib olish mumkin.

Lisenziya blankasida QR-kod bilan himoyalangan yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, ta’lim faoliyatini amalga oshirish manzili, soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (STIR), faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati aks etadi.

Agar bu ta’lim muassasasi fuqarolarga litsenziya taqdim qila olmasa, noqonuniy ta’lim faoliyati hisoblanadi.

Shuningdek, fuqarolar nodavlat ta’lim tashkilotlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan inspeksiyaning @nodavlattalim_bot manzilidagi Telegram botiga yoki +998 71 231-07-53 (ichki raqamlar 1027, 1020 1037 yoki 1050) telefon raqamlari yoxud ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalar orqali javob olishlari mumkin.

Ota-onalar bilishi kerak...

Ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillar xususiy maktabning o‘qish muddati va shartlari, to‘lov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari va boshqa shartlar belgilangan shartnoma asosida maktabga farzandlarini joylashtirishlari mumkin.

Xususiy maktablar faoliyati xalq ta’limi vazirining 2015 yil 2 iyundagi «O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 13-mh-son buyrug‘i va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 dekabrdagi «Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1028-son qarori bilan tartibga solinadi.

Bundan tashqari, nodavlat maktablarda ham 1-sinfga qabul yoshi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida ko‘rsatilganidek, 7 yosh hisoblanadi. 

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab amalga kirgan bu qonun normasi davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun birdek majburiy.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz jurnalisti 

Top