08:34 / 02.11.2022
2007
Davlat korxonalari kuzatuv kengashlari vakolatlari belgilanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra hukumat qarorlari davlat korxonasini boshqarish hamda davlat korxonasi kuzatuv kengashlari huquq va majburiyatlarini belgilashga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Davlat korxonasi — davlat mulkidagi, o‘ziga tezkorlik bilan boshqarish uchun berilgan mulk negizida tashkil etilgan davlat unitar korxonasi shaklidagi tijorat tashkiloti. U o‘ziga biriktirilgan mulkdan qonunda belgilangan doirada, o‘z faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki u topshirig‘iga ko‘ra u vakolat bergan davlat organi — muassis) topshiriqlariga hamda egalik qilish huquqiga asosan maqsadga muvofiq tarzda mulkdan foydalanishni va uni tasarruf etishni amalga oshiradi.

Qo‘shimchalarga ko‘ra: muassis, kuzatuv kengashi va ijroiya organ (rahbar) davlat korxonasi boshqaruv organi hisoblanadi; kuzatuv kengashi davlat korxonasiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi; davlat korxonasi kuzatuv kengashi a’zolari soni ustav bilan belgilanadi, biroq 3 nafardan kam bo‘lmasligi lozim; kuzatuv kengashi a’zolari umumiy soni toq son bo‘lishi lozim; kuzatuv kengashi muassis tomonidan 3 yil muddatga tayinlanadi.

Davlat korxonasi kuzatuv kengashi quyidagi vakolatlari tasdiqlanmoqda: davlat korxonasi rahbarini tayinlash va lavozimdan ozod etish haqida takliflarni muassisga kiritish; davlat korxonasi rahbari nomzodiga malaka talablarini (ma’lumot, tijorat, moliya va sohaviy sohada ish tajribasi va h.k.) belgilash; davlat korxonasi rahbari o‘rinbosarlarini tayinlash va lavozimdan ozod etish; ichki audit xizmati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash, ichki audit xizmati xodimlarini tayinlash va lavozimdan ozod etish; davlat korxonasi rahbari, tarkibiy tuzilmalar, filiallar hisobotlarini tinglash va h.k. 

Mavzuga oid
Top