07:10 / 07.11.2022
6131

BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida birinchi muvaffaqiyat haqida e’lon qilindi

Rivojlanayotgan va orol davlatlar yetkazilgan zararni yengish uchun moliyaviy yordam so‘ramoqda. Bu masala birinchi marta muzokaralar kun tartibiga alohida masala sifatida kiritildi.

Foto: Twitter / cop27

6 noyabr kuni Sharm ash-Shayxda ochilgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 27-konferensiyasida muzokaralardagi asosiy masalalardan biri bo‘yicha muvaffaqiyat e’lon qilindi. Yalpi majlis birinchi marta global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan zarar va yo‘qotishlarni bartaraf etish uchun qashshoq davlatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishni kun tartibiga alohida masala sifatida kiritishga kelishib oldi.

Bu «iqlim ofatlari qurbonlari azobiga birdamlik va hamdardlik hissini» namoyish etadi, dedi konferensiya prezidenti, Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri. Shu bilan birga, u «mas’uliyat yoki kompensatsiya» muzokaralar mavzusi emasligini ta’kidladi.

Birlashgan millatlar tashkilotining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyalari doirasida iqlim o‘zgarishi sabablariga qarshi kurashish va global isishga moslashish choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar allaqachon rivojlanayotgan mamlakatlarga ushbu muammolarni hal qilishda muntazam moliyaviy yordam berishni va’da qilgan.

Shu bilan birga, uzoq yillardan buyon rivojlanayotgan mamlakatlar global isish oqibatlari sanoati rivojlangan mamlakatlardan ko‘ra o‘zlari uchun ko‘proq sezilayotganiga e’tibor qaratib, qo‘shimcha moliyaviy yordam talab qilmoqda.

Qariyb 30 yildan beri davom etayotgan BMT muzokaralari davomida tegishli moliyalashtirish mexanizmi belgilanmagan. Haddan tashqari yuqori summalarni to‘lash majburiyatlaridan qo‘rqib, bir qator rivojlangan davlatlar, xususan, Qo‘shma Shtatlar iqlim o‘zgarishi oqibatida yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar munosabati bilan so‘nggi yillarda moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralarga to‘sqinlik qildi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok BMT konferensiyasining birinchi kunida Germaniya rivojlanayotgan mamlakatlarga global iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda yordam berishga tayyorligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya boshqa davlatlar bilan birgalikda global isishga qarshi kurash bo‘yicha aniq qadamlar ishlab chiqmoqchi.

Berbokning ta’kidlashicha, rivojlanayotgan davlatlar «badavlat mamlakatlardan ko‘proq birdamlik ko‘rsatishini haqli ravishda kutishadi hamda Germaniya buni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni moliyalashtirish va u keltirgan zararni qoplash nuqtayi nazaridan ko‘rsatishga tayyor».

BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 27-konferensiyasi 18 noyabr kuni yakunlanadi. Unda 190 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda.

Top