15:14 / 18.11.2022
7506

O‘zbekistondagi jami ko‘priklarning 68 foizi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan

Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 14 mingdan ortiq ko‘priklar bo‘lib, shuning 68 foizi, ya’ni 9 ming 900 tadan ortig‘i 1960-70-yillarda qurilgan. Qariyb 10 mingga yaqin eski ko‘priklarning 4 mingdan ortig‘i ta’mirtalab ahvolda. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov ma’lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

Respublikadagi mavjud eng katta ko‘priklarning 314 tasi noruda foydali qazilma boyliklarni qazib oladigan daryolar ustida qurilgan. Qazilmalar betartib ravishda qazib olinayotgani, temir-beton tayanch asoslari bo‘shashib qolgani hamda daryo sathining keskin pasaygani sabab 26 ta shunday ko‘priklar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani ma’lum qilindi.  

Nazarovga ko‘ra, bularning oldini olish uchun shu yili 3,5 mlrd so‘m davlat budjeti hisobidan Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi 5 ta katta ko‘priklar ostida suv sathini me’yorida ushlab turuvchi to‘g‘onlar qurilgan. Kelgusi yillardan esa qolgan 21 ta ko‘prikning ostini mustahkamlab, to‘g‘on qurish uchun mablag‘ ajratilishi dasturda ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, bu ko‘priklarning o‘zini qayta qurish va ta’mirlash ishlari davom ettirilishi ham va’da qilindi. Bularni qayta qurish va ta’mirlash bo‘yicha 4 yillik dastur ishlab chiqilgani va bu bilan 1 ming 300 tadan ortiq ko‘prikning qayta qurilib, ta’mirlanishi aytilmoqda.

Keyinroq bunday ko‘priklarda qazib olish ishlarini butunlay to‘xtatish va budjetdan ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlik qilinadigan bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, buning uchun maxsus komissiya ham tuzilgan.

 

Mavzuga oid
Top