08:50 / 23.11.2022
9288

Yevropa iqtisodiyoti global inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rishi ma’lum qilindi

IHTT Germaniya va Buyuk Britaniya iqtisodlarida retsessiya bo‘lishini kutmoqda, biroq Rossiya yalpi ichki mahsuloti eng ko‘p qisqaradi.

Foto: Getty Images

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) 22 noyabr, seshanba kuni e’lon qilingan yangilangan prognoziga ko‘ra, kelasi yil jahon iqtisodiyoti retsessiyaga yuz tutmaydi, Yevropa davlatlari esa 1970 yildan beri kuzatiladigan eng yomon energetika inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘radi.

IHTT tahlilchilari global iqtisodiy o‘sish bu yilgi 3,1 foizdan 2023 yilda 2,2 foizgacha sekinlashishini, keyin esa 2024 yilda 2,7 foizgacha tezlashishini bashorat qilmoqda. «Biz retsessiyani bashorat qilmayapmiz, lekin aniq zaiflashuv davrini kutyapmiz», dedi IHTT rahbari Mattias Kormann.

Tashkilotning ta’kidlashicha, global iqtisodiy pasayish butun dunyo bo‘ylab notekis taqsimlangan va asosiy zarba Yevropaga tushadi, chunki Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ishbilarmonlik faolligiga ta’sir ko‘rsatdi va energiya narxining ko‘tarilishiga olib keldi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 19 ta yevrohudud mamlakati iqtisodiyoti joriy yilda 3,3 foizga o‘sishini, keyingi yili esa 0,5 foizga sekinlashishini va 2024 yilda 1,4 foizga o‘sishini kutmoqda.

Tashkilot Germaniya yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha o‘z prognozini yaxshilagan, ammo baribir sanoatga yo‘naltirilgan iqtisodiyoti Rossiyadan energiya importiga katta bog‘liq bo‘lgan Germaniyada retsessiya kutilmoqda. Germaniya iqtisodiyoti kelgusi yilda 0,3 foizga qisqaradi, chunki IHTT sentabr oyidagi 0,7 foizga pasayish bo‘yicha o‘z prognozini ko‘tardi.

Fransiya iqtisodiyoti 2023 yilda 0,6 foizga, Italiya iqtisodiyoti 0,2 foizga o‘sadi. IHTT Buyuk Britaniya iqtisodiyoti bo‘yicha o‘z prognozini pasaytirdi – 0,2 foizga o‘sish o‘rniga, endi tahlilchilar 0,4 foizga pasayishni kutmoqda.

Rossiya iqtisodiyoti uchun IHTT tahlilchilari uch yillik retsessiyani bashorat qilmoqda: bu yil 3,9 foizga, keyingi 5,6 foizga va 2024 yilda 0,2 foizga pasayish.

«Pul-kredit siyosati bo‘yicha, aksariyat ilg‘or iqtisodiyotlar va ko‘plab rivojlanayotgan bozorlarda inflatsiya kutilmalarini ishonchli tarzda ushlab turish uchun uni yanada qat’iylashtirish kerak», - deya ogohlantirdi Kormann.

Top