23:18 / 29.11.2022
10741

Qo‘shtepa tumani hokimining o‘rinbosari qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlandi 

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani hokimining o‘rinbosari Ahrorjon Yunusovga hayfsan intizomiy jazosi berildi. 

Foto: Kun.uz

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani hokimining o‘rinbosari, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Ahrorjon Yunusov zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasdan, xizmat intizomini buzgani aniqlangan. 

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 587-son qarori bo‘yicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar omborlaridagi mahsulotlar zaxirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shaklantirish va doimiy monitoring olib borishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, shuningdek, zaxira qilingan mahsulotlarni sun’iy ravishda ko‘paytirib, amalda zaxira qilinmagan mahsulotlarni hisobotlarga qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘ygan. 

Qo‘shtepa tumani hokimi Ilyos Novikov farmoyishiga ko‘ra, Ahrorjon Yunusovga nisbatan Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. 

Bunga Qo‘shtepa tumani prokurorining 2022 yil 21 oktyabrdagi «Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida»gi qarori asos qilib olingan.

Mavzuga oid
Top