21:17 / 01.12.2022
17500
Samarqandda pogonini o‘zi yulib tashlab bunda ayolni ayblagan IIB xodimi jazosiz qolgani ma’lum bo‘ldi

Tuman prokuraturasida janjal chiqargan ayolga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.

Voqea 2021 yil 16 iyul kuni Qo‘shrabot tumani prokuraturasi binosida sodir bo‘lgan. Firibgarlikda ayblanib, tergov qilinayotgan erkakning singlisi va qizi prokuraturaga kelib, to‘polon ko‘targan.

“Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (Firibgarlik), 28-modda orqali 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi Shosimov majburiy tartibda tuman prokuraturasi binosiga olib kelingan. Shu kuni ayblanuvchining singlisi va qizi prokuraturaga kelishib, prokuratura xodimlarini haqorat qilishgan. Shu sababli voqea joyiga Qo‘shrabot tumani IIB xodimlari chaqirtirilgan. 

Profilaktika inspektori katta leytenant Rajabov, leytenant Boboqulov hamda leytenant Sharipov prokuraturaga yetib kelganida ayollar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan ularni haqorat qilgan, Rajabovga tegishli bo‘lgan avtomobilning oynalarini sindirib, eshiklarini pachaqlagan.

Internetda tarqalgan videoda katta leytenant Rajabov fuqaro Shosimovaning qo‘lidan ushlab prokuratura binosidan olib chiqish jarayonida o‘zining pogonini yulib olgani tasvirlangan. Bu bo‘yicha Samarqand viloyat IIB HPB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan, uning natijasi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Qarorga asosan ichki ishlar xodimining xatti-harakatiga qonuniy baho berish uchun hujjatlar prokuratura organiga yuborilgan.

Prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ichki ishlar xodimi va fuqarolarning ko‘rsatmalarida bir-biriga zid ma’lumotlar bo‘lgani va tergov jarayonida aniqlangan boshqa faktlar va guvohlarning ko‘rsatmalariga asoslanib, fuqaro Shosimovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan”, deya IIV departamenti bosh inspektori Navro‘z Nabiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV mulozimi pogonini yulib, bunda ayolni ayblagan ichki ishlar xodimi bugungi kunda xizmat faoliyatini davom ettirayotganini bildirib, uning xatti-harakatlariga nisbatan qanday huquqiy baho berilgani bo‘yicha ma’lumotni mazkur holatni tergov qilgan prokuratura organidan so‘rashni tavsiya qildi.

IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumov ushbu holat yuzasidan prokuraturadan rasmiy ma’lumot olib, OAVga taqdim etilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, iyulda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda IIB xodimlari ikki nafar ayolga kuch ishlatayotgani, xodimlardan biri ayollardan birining qo‘lini qayirib olib ketayotganda yonidagi sherigiga «pogonimni yul» deb baqirgani, so‘ng pogonini o‘zi yulib tashlab ayolni ayblay boshlagani tasvirlangan.

O‘sha paytda holatni izohlagan IIV matbuot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov hodisa IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘rganilayotgani, xodimning harakatlari qo‘shimcha ravishda to‘liq tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini ta’kidlagandi.

Top