08:23 / 05.12.2022
5457

OPEK+ davlatlari neft qazib olish bo‘yicha cheklovlarni saqlab qoldi

OPEK+ vazirlari Rossiya xomashyosi narxining yuqori chegarasi kuchga kirishi munosabati bilan oktyabr oyida joriy qilingan neft qazib olish kvotalarini kuchda qoldirdi.

Foto: Reuters

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkilotiga (OPEK) a’zo davlatlar hamkorlar bilan birgalikda oktyabr oyi boshida kelishib olgan neft qazib olishni qisqartirish choralarini o‘zgartirmaslik haqidagi qarorga keldi. OPEK+ a’zo davlatlar vazirlarining 4 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyasida qabul qilingan qaror haqida tadbirning yakuniy kommyunikesida ma’lum qilindi.

Bayonot matniga ko‘ra, davlatlar, jumladan Saudiya Arabistoni, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Iroq kabi yirik neft qazib oluvchilar yonilg‘i qazib olishni qisqartirish majburiyatini tasdiqladilar - noyabr oyidan boshlab OPEK+'ga a’zo 23 mamlakat neft qazib olishni kuniga ikki million barrelgacha kamaytirdi.

Cheklovlar kamida 2023 yil oxirigacha qolishi rejalashtirilgan. OPEK+ kommyunikesida ta’kidlanishicha, tashkilotga a’zo mamlakatlarning navbatdagi vazirlar yig‘ilishi 4 iyun kuni bo‘lib o‘tadi, biroq vazirlar monitoring qo‘mitasi «kerak bo‘lsa, bozor o‘zgarishlariga javob berish» uchun «istalgan vaqtda» davlat vakillarini chaqirishi mumkin.

OPEK+ vazirlar konferensiyasi oktyabr oyida, tashkilot neft qazib olish kvotalari joriy etishga qaror qilgan yig‘ilishdan so‘ng o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, tadbir "katta yettilik" mamlakatlari dengiz orqali tashiladigan Rossiya nefti narxini bir barrel uchun 60 dollar qilib belgilagani fonida yuz berdi. Sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga davom etayotgan harbiy bosqiniga javoban joriy qilingan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini yetarlicha past emas deb tanqid qildi.

G7 jazo chorasi 5 dekabrdan kuchga kiradi va Rossiya uchun yonilg‘i sotishni qiyinlashtirishi kerak. Shu bilan birga, Kreml narxlar chegarasi joriy etilishini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga neft yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden OPEK+'ning oktyabr oyidagi neft qazib olishni qisqartirish qarorini «hafsalasizlik» deb atadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi asosiy neft qazib oluvchilardan biri bo‘lgan va AQShning an’anaviy ittifoqchisi hisoblangan Saudiya Arabistonining cheklovlarni ma’qullashi Amerika rahbari uchun yoqimsiz bo‘lgan.

11 oktyabr kuni Oq uy Bayden Yaqin Sharqdagi hamkori bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga intilayotganini e’lon qildi. Prezidentning o‘zi esa CNN telekanalida qanday qadamlar qo‘ymoqchi ekanligini aytmasligini bildirdi, ammo «oqibatlari bo‘ladi» deb va’da berdi.

OPEK+'ning yonilg‘i qazib olishni cheklash to‘g‘risidagi qarori «faqat bozor mulohazalari bilan belgilanadi», deb tushuntirdi tashkilot. Mutaxassislarning fikricha, bu qisqartirishlar jahon bozorlarida neft narxini oshirishi kerak. Shu bilan birga, Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birol avvalroq kartelning pozitsiyasini tanqid qilib, bu inflatsiyani keltirib chiqarishi va ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga ishora qilgan edi.

Top