07:45 / 17.12.2022
1968
Narkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha yangi normalar belgilanmoqda

Qonunchilik palatasida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar narkologiya muassasalari, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolari yoki qarindoshlari iltimosnomalari asosida ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.

Fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslar huquqlarini buzish, psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish holatlari barvaqt oldini olishda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida qonun loyihasi bilan narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni ichki ishlar organlari tashabbusi bilan ham rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinishi narkologik kasallikka chalingan shaxsni ichki ishlar organlari xodimlari ham tashabbusiga ko‘ra, majburiy davolashga yo‘naltirish, tibbiyot muassasasiga joylashtirishgacha to‘planadigan materiallarni tarqoq holda emas, balki markazlashgan holda tibbiyot muassasalaridan olishi, sud majlislarini video-konferens-aloqa rejimida ham ko‘rib chiqilishi orqali shaxsni davolanishga yuborishgacha bo‘lgan vaqtni qisqartirishga xizmat qiladi.

Top