20:15 / 18.12.2022
92933

“Sovuq hech narsa emas, bilim – hamma narsa” – maktabgacha 5 km yo‘l bosib o‘tgan 8 yoshli bolakay hikoyasi

Xitoyning qahramoniga aylangan 8 yoshli Vang Fumanning imtihon uchun qanday yo‘l bosib o‘tgani va u sabab maktabga isitish tizimi o‘rnatilgani haqidagi voqea bilan tanishing.

Foto: AP

Uch yil muqaddam maktab o‘qituvchisi internetga joylagan surat dunyo jamoatchiligini hayajonga solgan edi. Suratda 3-sinf o‘quvchisi – sochlari muz (bulduruq) bilan qoplangan, yonoqlari qip-qizil bola tasvirlangandi. Unga nima bo‘lgandi?

Kichkina bolakayning kuchli irodasi haqida hikoya

Boshlang‘ich maktab o‘quvchisi Vang Fuman buvisi va opasi bilan Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi shaharchada yashar edi. Bu shaharcha tog‘lar bag‘rida joylashgan bo‘lib, taraqqiyotdan uzilib qolgan joy edi.

Vang hali chaqaloqligidayoq ota-onasi ishlagani ketishga majbur bo‘ladi. Otasi uyga 3-4 oyda bir kelar, tinimsiz mehnat qilganiga qaramay, ko‘p pul topolmasdi. Oila shunday muhtojlikda yashaganki, farzandlariga oddiy bosh kiyim sotib olishga ham qurbi yetmagan.

Vang opasi bilan uyining yonida

Ta’lim olish – qashshoqlikdan qutulishning yagona yo‘li

Vang har kuni Chjaotun kichik shaharchasidagi maktabga deyarli 5 kilometr (4,8 km) yo‘lni piyoda bosib o‘tadi. Tog‘da ayniqsa, yanvar oyida havo harorati juda sovib ketadi. Imtihon topshiriladigan kun bo‘lgani uchun Vang izg‘iringa qaramay bosh kiyim va qo‘lqopsiz, yengil kurtkada yo‘lga tushadi.

013-rasm. Bolakay bosib o‘tadigan tog‘ yo‘li

Bolakay maktabiga yetib kelib, sinfiga kirganida saboqdoshlari baravariga kulib yuborishadi. Chunki uning sochlari, qoshlari va kipriklarida muz qotib qolgan, yonoqlari qip-qizarib ketgandi. Axir 9 daraja sovuqda boshyalang, yupun holda shuncha yo‘lni bosib o‘tishning o‘zi bo‘ladimi?!

Vangning xuddi shu surati uni mashhur qildi

Izg‘irinda kelganiga yarasha Vang Fuman imtihonda 100 balldan 99 ball olgan. Bu ballni olish unga oson bo‘lmagan, albatta. Chunki, u surunkali hipotermiyadan aziyat chekkan. Bu – doimiy sovuqdan kelib chiqqan issiqlik yetishmasligi kasalligi.

Uy – sovuq, maktab – sovuq, issiq kiyimi ham bo‘lmagan bolakayda issiqlik yetishmasligi tabiiy! Kasallik natijasida uning qo‘llari shishadi va barmoqlarini qimirlatolmay qoladi. Shuning uchun Vangga tengdoshlariga qaraganda o‘qish ikki karra qiyin.

Maktabda isitish tizimi bo‘lmagani uchun ham bolalar sovuq kunlarda doim qalin kiyimlarda o‘tirishardi. Vangga o‘xshagan bolalar esa sovuqdan aziyat chekishardi.

“Pekindagi uylarda bitta ko‘ylakda yursa bo‘larkan”

Surati ijtimoiy tarmoqqa joylanganidan so‘ng Vang Fuman bir zumda mashhur bo‘lib ketdi. Voqea ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga sabab bo‘ldi va odamlar bola uchun pul yig‘a boshlashdi. Jami 3 million yuan yig‘ildi. O‘sha paytda bu 450 ming dollar edi.

Yig‘ilgan pul maktabga isitish tizimi o‘rnatish, Yunnan provinsiyasining kambag‘al bolalari uchun issiq kiyim-kechak sotib olish va uylariga isitish moslamalari o‘rnatishga sarflandi.

Vangning maktabidagi fan laboratoriyasi, rasm va kompyuter sinflari jihozlab berildi. Shuningdek, sport anjomlari sovg‘a qilindi.

Maktab yonida uzoq yo‘l bosib keladigan Vang singari bolalar uchun issiq yotoqxona qurildi. Bu ishga mahalliy hokimlik ham bosh qo‘shdi.

Chekka hududlardan kelgan bolalar uchun maktab yonida qurilgan yangi yotoqxona

Vangni opasi bilan poytaxt bo‘ylab sayr qilishga olib kelishdi. Bolakay hayotida birinchi marta skuter mindi, samolyotda uchdi. U ilk bor o‘zi o‘sgan kambag‘alyaa turmush tarzidan tashqaridagi hayotni ko‘rdi. Ayniqsa, u uylarning issiq ekani, ichkarida qalin kiyimlarsiz o‘tirish mumkinligidan g‘oyat xayratlandi.

Vang bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida u shunday degandi:

“Pekinda uylar shunchalik issiqki, bitta ko‘ylakda yurish mumkin! Uyda biz kurtkalarda uxlab, kechasi ham ko‘mir yoqamiz. Bu juda ajoyib! Buni birinchi marta ko‘rishim”.

Intervyuda Vang kambag‘al bolalarni sovuqdan qutqarish uchun pul yig‘ishga yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Ulg‘aygach, hammaning haqini to‘lashga va’da berdi. Endi shu va’dasini bajarish uchun ham u yanada yaxshiroq o‘qiydi.

Bir yildan keyin…

Xitoyda juda mashhur bo‘lgan Vangni “Muz bola” deb atay boshlashdi, u haqda televizorda ko‘rsatishdi, gazetalarda yozishdi. To‘satdan shuhrat qozonganiga qaramay, qahramonimiz “yulduzlik kasali”ga chalinmadi. Unga shunchaki ismi bilan murojaat qilishlarini xohlaydi.

Vang hali ham o‘z maktabiga boradi, ammo hozir yo‘lni atigi 10 daqiqada bosib o‘tadi. Chunki, oila endi maktab yonida yangi, issiq uyga ega bo‘ldi. Uning otasi Kunming shahrida ishga joylashdi va uzoq vaqt bo‘lmasa ham, oyiga 3 marta uyga kelishi mumkin. Ish haqi ham xarajatlarni to‘lash uchun yetarli. Onasi ham uyga qaytishga muvaffaq bo‘ldi va ular yangi yilni birga kutib olishdi.

Vang o‘qiydigan maktab binosi

Hayot hali ham oson emas, lekin avvalgidek qiyin ham emas. Ular yanada yaxshilanishiga ishonishadi. Fumanlar oilasining barcha a’zosi birgalikda baxtli yashaydi. Vangning ota-onasi sabzavot ekib, hatto bir nechta echkilar sotib olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Dadasi, onasi, opasi va Vang echkilarini haydamoqda

Bu hikoyaning oxiri naqadar xayrli, dunyo har bir bolaga xuddi shunday mehr bilan munosabatda bo‘lsin”, — deb yozadi ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilardan biri.

Ammo 21-asrda kambag‘al qishloqda tug‘ilgani uchun sivilizatsiyaning elementar imtiyozlarisiz hamon qashshoqlikda hayot kechirayotganlar borligi juda achinarli. Bu faqat Xitoyda emas. Har bir mamlakatda, jumladan O‘zbekistonda ham shunday oilalarni ko‘rishimiz mumkin. Ularni qashshoqlikdan qutqaradigan yolg‘iz najotkor esa ilmdir.

Charos Mannonova tayyorladi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top