17:58 / 19.12.2022
6121
“O‘zbekneftgaz”: "Schlumbegrer” kompaniyasi jamiyat mutaxassislarini neft-gaz quduqlarini aniqlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga oid bilim va malakalarini oshirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 5 noyabrda qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan Konlarni ishlatish departamenti tarkibida “Modellashtirish markazi” tashkil qilindi. Modellashtirish markazi tomonidan hozirgi kunga qadar 120 ta geologik, 73 dan ortiq gidrodinamik, 40 ta tarmoq va 2 ta integral model hamda milliy ma’lumotlar bazasi yaratilib, ishlab chiqarishga faol tatbiq etildi.

Modellashtirish markazi zimmasiga geologik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazorat qilishda hamda konlarni ishlatishni rejalashtirish va boshqarishda IAM (Integrated Asset Modeler) dasturidan foydalangan holatda kompleks yondashuvga bosqichma-bosqich o‘tish vazifasi qo‘yilgan.

Belgilangan vazifalarni bajarish uchun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan yuqori malakali jahon andozalari darajasidagi mutaxassislarni jalb etgan holda xodimlarining malakasini oshirish kurslarini o‘tkazish orqali Jamiyatning jahon bozoridagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Markazning faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida mutaxassislar uchun seysmik ma’lumotlarni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘quv kursi tashkil qilindi.

Ushbu o‘quv kursi “O‘zbekneftgaz” AJ va “Schlumberger” kompaniyasi hamkorligida tashkil qilindi. Unda respublikamiz konlari va yangi hududlarining geologik modellarini tuzishda geologik va geofizik ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish orqali yangi izlov-qidiruv va ishlatish quduqlarining joyini aniqlashda noaniqliklar va xavflarni kamaytirish bo‘yicha mavzularda ma’ruzalar qilindi.

O‘quv kursining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasidagi neft va gaz konlarida integratsiyalashgan modellarni ishlab chiqish va ularni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishning yangi yo‘nalishini chuqur o‘zlashtirishdan iborat.

Konlarni ishlatishni rejalashtirish va uglevodorodlarni qazib chiqarish jarayonlarini boshqarishda hamda ishlab chiqarish aktivlarini modernizatsiya qilish va ularni konlarning butun hayotiy sikli davomida ishlatish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun IAM dasturiy ta’minoti eng to‘liq va moslashuvchan platforma hisoblanadi.

IAM dasturiy ta’minoti korxona darajasida qaror qabul qilish uchun individual yuqori ixtisoslashtirilgan modellarni (qatlam modeli, kon ustki jihozlarining tarmoq modeli, neft va gazni qayta ishlash modeli va iqtisodiy model) yagona modelga birlashtirish imkonini beradi.

Bunday yechim konni o‘zlashtirish konsepsiyasini tanlash, loyiha hujjatlarini tayyorlash yoki uglevodorod qazib olishni optimallashtirish hamda kunlik texnologik operatsiyalarni amalga oshirishda ishlatilishi mumkin.

O‘quv kursi amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashish bilan birga keng muhokamalarga boy tarzda o‘tdi. Trening yakunida ishtirokchilarga “Schlumbegrer” kompaniyasining “Petrel Geophysical Interpretation” yo‘nalishida xalqaro standartlarga mos keluvchi sertifikatlar topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top