10:42 / 27.12.2022
58711

“Jinoyat alomatlari mavjud” – SSV Dok-1 Maks siropi o‘rganish natijalarini ma’lum qildi

Barcha mas’ullar ishdan olingan, materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Foto: Kun.uz

Samarqand shahrida Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish natijasida bolalarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, tekshiruv jarayonida mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o‘lim holati aniqlangan.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositaci mamlakatimizda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilingan.

Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o‘lim holati aniqlandi.

Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.

Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llangan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatdi. Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, hushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, o‘rganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari e’tiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgani, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko‘rmagani uchun 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llangan. To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan. O‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Top