18:55 / 05.01.2023
5369

“2022 yilda mehnat migrantlarining 1,2 mln dollar miqdoridagi pullari undirib berildi” - Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

O‘tgan yil davomida 308 mingdan ortiq xorijdagi mehnat migrantlariga turli xizmatlar ko‘rsatildi. 1 ming 397 nafar og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi, xorijlik ish beruvchilaridan mehnat migrantlarining 1,2 mln AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari, kompensatsiya va sug‘urta pullari undirib berildi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2022 yilda mehnat migratsiyasi geografiyasini yangi bosqichga ko‘tarish, xorijdagi mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yo‘lga qo‘yishda samarali ishlar olib bordi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Jumladan, Rossiyada qo‘shimcha 20 ta, ilk marotaba Qozog‘iston va Turkiyada 4 ta Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillari faoliyati tashkil etildi. Xorijdagi vakolatxonalar tomonidan tashqi mehnat bozoridagi 112 ta yirik ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha shartnomalar tuzilib, 15 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlandi.

xorijlik ish beruvchilar talablari asosida kasbga va xorijiy tillarga o‘qitish orqali migrantlarni doimiy daromad keltiradigan mehnatga jalb qilish yo‘lga qo‘yildi. “Ishga marhamat” monomarkazlar, kasbga o‘qitish markazlari, chet tillariga o‘qitish kurslari, mahallalardagi o‘qitish maskanlari va nodavlat ta’lim muassasalarida kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish imkoniyatlari yaratilib, 55 ming 377 nafar fuqaro o‘qitildi. 

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Bugungi kunda Agentlikning Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya, Polsha, Latviya, Chexiya, Bolgariya, Kuvayt, Germaniya, Janubiy Koreya, Shveytsariya, Niderlandiya, Malayziya, Slovakiya, Xorvatiya, Serbiya, Saudiya Arabistoni, Chexiya va yana dunyoning boshqa mamlakatlaridagi 500 dan ortiq ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan kelishuvlari mavjud.

 2022 yilda 36 ming nafarga yaqin fuqaro Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Angliya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarda tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashtirildi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

O‘tgan yil davomida xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan 308 mingdan ortiq mehnat migrantiga turli xizmatlar ko‘rsatildi. Jumladan, 1 ming 424 nafariga 72 ming 34 AQSh dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi, 1 ming 397 nafar og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi, 7 nafar fuqaroning 72,1 million so‘mlik tibbiy xarajatlari qoplab berildi. Shuningdek, 285 nafar boshpanasiz qolgan fuqaro xostellarga joylashtirildi va 3 mahal oziq-ovqat bilan ta’minlandi, 14 ming nafar fuqaroga huquqiy, 20 ming nafar fuqaroga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Ish beruvchilaridan mehnat migrantlarining 1,2 mln AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari, kompensatsiya va sug‘urta pullari undirib berildi. 

271 ming nafar fuqaroga diplomatik vakolatxonalar, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Call-markazi”, filiallari va vakolatxonalari tomonidan axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

2022 yilning yanvar-dekabr oylari davomida xorijdan 608 mingdan ortiq fuqarolar qaytgan, ularning 488,9 ming nafari O‘zbekistonda doimiy va vaqtinchalik ishlarda band bo‘lib, shundan 168,8 ming nafariga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Joriy yilda ham Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Top