Jamiyat | 19:00 / 19.10.2022
18882
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyaga ishga jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Husanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ushbu davlatda bo‘lib turishibdi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Qayd etish joiz, 2019 yilda prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning Adliya, Sog‘liqni saqlash, Mehnat va farovonlik, Tashqi ishlar vazirliklari hamda Yaponiya milliy politsiya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Yaponiya hukumatining 2025 yilga qadar mamlakatga xorijdan 350 mingdan ortiq ishchi kuchini jalb qilish davlat dasturi doirasida 2019 yilda 9 ta mamlakat qatorida O‘zbekiston ham hamkorlikka qo‘shilgan.

Mazkur kelishuvga ko‘ra, ikki davlat “maxsus malakali ishchilar” maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Delegatsiya a’zolari dastlab mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan Tokio shahridagi “Shimizu corporation” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, Yaponiyaning “JITCO” kompaniyasi, “Chet ellik texnik stajyorlar malakasini oshirish tashkiloti” (OTIT) rahbariyatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘zbekistonlik texnik stajyorlarni keng ko‘lamda jalb qilish va Yaponiyadagi mehnat migrantlarimizni huquqiy, ijtimoiy himoyasi masalalari muhokama qilinib, kelgusidagi istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Yaponiya Adliya vaziri Sadakadzu Tanigaki bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada kunchiqar mamlakatida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya immigratsiya xizmati rahbariyati bilan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu mamlakatga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Osaka shahrida Yaponiyadagi 40 ga yaqin yirik ish beruvchi kompaniya va korporatsiya rahbarlari uchun tashkil etilgan “O‘zbekiston mehnat salohiyati” ko‘rgazma haftaligi doirasida fuqarolarimizni Yaponiyaga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirishini ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Yaponiyaning “Lans corporation” tashkiloti o‘rtasida memorandum imzolandi.

Nagoya shahrida tashkil etilgan “O‘zbekistonning mehnat salohiyati” mavzusidagi ko‘rgazmada “Man to Man”, “Aichi education center”, “Link Asia cooperative” va boshqa kompaniyalar bilan mehnat migratsiyasi hamda kasbga o‘qitish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Nagoya parlamenti raisi Takahiro Ivamoto va “Nagoya-O‘zbekiston” do‘stlik ligasi raisi Yoshiro Vatanabelar bilan uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlik delegatsiyasi o‘tkazilgan mehnat ko‘rgazmasi doirasida Nagoya shahrining yirik ish beruvchisi “Noritsuisu Co.Ltd” va boshqa bir qator korxonalar vakillari B2G formatidagi uchrashuvlarda qatnashishdi. “Aichi” xalqaro ta’lim markazi bilan o‘zbekistonlik fuqarolarni yapon tiliga o‘qitish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Ayti prefekturasi gubernatori Hideaki Oomura va Nagoya shahri meri Takashi Kavamuralar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbekistonlik texnik stajyorlarni tayyorlash, ularni Nagoyadagi sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda qurilish korxonalariga vaqtinchalik ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Yaponiyadagi vatandoshlarimizga konsultativ, yuridik va huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda “Nagoya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati hamkorligida mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash markazi ishga tushirildi.

Bugun navbatdagi yirik ish beruvchi kompaniya bilan muzokaralar o‘tkazilib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Shimizu” korporatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini kompaniyaning qurilish obektlariga ishga jalb qilish borasida kelishuv imzolandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Husanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining ushbu davlatga tashrifi davom etmoqda.

Mavzuga oid