00:08 / 20.01.2023
51548

Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub etdi

Nodirbek norvegiyalik raqibini ilk marta klassik shaxmatda ham yengdi va Niderlandiyadagi turnir peshqadami bo‘lib oldi.

Foto: Chess.com

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli Tata Steel-2023 turniri davom etmoqda.

Musobaqada o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov yetakchi grossmeysterlar qatorida «Masters» guruhida, xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov esa «Challengers» guruhida g‘oliblik uchun kurash olib boryapti.

5-turda 18 yoshli Nodirbek Abdusattorov amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi dona surib, uni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natijadan so‘ng, Nodirbek 5 ta imkoniyatdan 4 ochko jamg‘arib, «Masters» guruhi yetakchisi bo‘lib oldi. Avvalroq, Abdusattorov vengriyalik Rixard Rapport, eronlik Parham Maqsudluni mag‘lub etib, amerikalik Fabiano Karuana va hindistonlik Dommarju Gukesh bilan durang o‘ynagan edi.

«Masters» guruhida yana 8 ta tur o‘tkaziladi. Abdusattorovning keyingi raqibi 20 yanvar kuni hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Pragnanandaa bo‘ladi.

«Challengers» guruhida 17 yoshli Javohir Sindarov ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. U 5 ta imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Musobaqa 29 yanvargacha davom etadi.

Top