01:15 / 27.01.2023
8840

AQSh sobiq prezidentlaridan uyda topshirilmay qolgan maxfiy hujjatlarni izlash so‘raldi

Qonunga ko‘ra, barcha hujjatlar maxfiyligidan qat’i nazar Milliy arxivga topshirilishi shart.

Foto: AP

AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi (NARA) mamlakatning sobiq prezidentlari va vitse-prezidentlaridan qonunga ko‘ra davlat arxiviga topshirilishi kerak bo‘lgan yoki maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni shaxsiy arxivlardan izlab ko‘rishni so‘radi.

Bu haqda CNN telekanali prezident Jo Bayden, sobiq prezident Donald Tramp va sobiq vitse-prezident Mayk Pens uyida maxfiy hujjatlar topilishi bilan bog‘liq qator mojarolardan so‘ng NARA tomonidan yo‘llangan maktublarga tayanib xabar bermoqda.

Murojaat sobiq prezident Ronald Reygandan tortib Oq uyning hozirgi ma’muriyatigacha bo‘lgan olti prezident va vitse-prezidentlar vakillariga yuborilgan.

Maktubda ta’kidlanishicha, «Reygandan boshlab har bir prezidentga tegishli bo‘lgan hujjatlar maxfiyligidan qat’i nazar, Milliy arxivga topshirilishi shart».

Sobiq prezidentlar — Bill Klinton, Jorj Bush, Barak Obama va katta Jorj Bush vakillari barcha maxfiy hujjatlar o‘z vakolati tugaganidan keyin Milliy arxivga topshirilganini tasdiqlashgan.

Shu hafta boshida Mayk Pens advokati Indianadagi uyida o‘ndan ortiq maxfiy hujjatlarni topgani, materiallar FQBga topshirilgani xabar qilingandi.

Bungacha Bayden atrofida janjal avjiga chiqdi. Uning tahlil markazida, keyin esa shaxsiy garaji va qarorgohida maxfiy hujjatlar topildi. Bu uning vitse-prezidentlik davriga aloqador bo‘lib, maxfiy hujjatlardan foydalanish qoidalarini qo‘pol ravishda buzilishidir.

Avvalroq Donald Tramp ham maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashda ayblangan edi.

Mavzuga oid
Top