“AQSh uzoqda. Bizni undan katta, go‘zal okean ajratib turadi. Buning bizga hech qanday aloqasi yo‘q”, — dedi u. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lidagi sa’y-harakatlar “AQShga foyda keltirmaydi”.
“Bir yildan beri men shu urush ustida ishlayapman, shu vaqt ichida yana sakkizta boshqa mojaroni hal qildim. Hindiston — Pokiston, va boshqa urushlar. Armaniston — Ozarboyjon”, — deb sanab o‘tdi u.
Shu bilan birga, Tramp ta’kidlashicha, AQSh bu sa’y-harakatlardan hech narsa olmayapti. “Biz nima olyapmiz? O‘limdan, vayronagarchilikdan va ulkan pul mablag‘laridan boshqa — bu pullar biz bergan yordamni qadrlamaydigan odamlarga ketyapti. Men NATO haqida gapiryapman. Men Yevropa haqida gapiryapman. Ukraina bilan ular shug‘ullanishi kerak, biz emas”, — deb urg‘u berdi u.
Trampning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi “Ikkinchi jahon urushidan beri eng dahshatlisi”. “Agar u davom etsa, ko‘lami jihatidan uni ham ortda qoldiradi. Yo‘qotishlar raqamlari hayratlanarli. Ular bu haqda gapirishni istamaydi. Ukraina ham, Rossiya ham juda ko‘p odam yo‘qotdi”, — dedi u.
AQSh rahbari, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham urushni tugatib, tinchlik kelishuvini imzolashni xohlayotganiga ishonch bildirdi. “Men prezident Putin bilan ishlayapman va menimcha, u bitim tuzishni xohlayapti. Men prezident Zelenskiy bilan ishlayapman va menimcha, u ham bitimni xohlaydi. Men u bilan bugun uchrashaman”, — dedi u.











