14:40 / 30.01.2023
9082

Nukusdagi portlash holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2023 yil 29 yanvar kuni soat 16.00 larda Nukus shahri, “Temir jol” MFY 22-kichik tumanida joylashgan 8/1-sonli 4 qavatli turar joy binosida xonadonlar birida sizib chiqqan tabiiy gaz chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lib, ayrim xonadonlarga zarar yetgan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmog‘i xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash, ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.

Avvalroq Nukusda gaz portlagan uy vayronalari ostidan yana 4 kishining jasadi topilgandi. FVV ma’lumotiga ko‘ra, fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 nafarni tashkil etmoqda.

Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Top