15:56 / 15.02.2023
6197

Shavkat Mirziyoyev O‘zenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

Prezident “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) tashkil etilgan

O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zenergoinspeksiyaning Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilangani qayd etilgan.

Quyidagilar O‘zenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va iste’mol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
  • bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish;
  • yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika obektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha iste’molchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’molining me’yorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Belgilanishicha:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi;
  • davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar mazkur qarorga muvofiq O‘zenergoinspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashishi shart;
  • O‘zenergoinspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabiga ko‘ra bepul taqdim etiladi;
  • O‘zenergoinspeksiya tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlari xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi;
  • O‘zenergoinspeksiya xodimlari xizmat guvohnomalari bo‘lgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida iste’molchilarning yoqilg‘i-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun hisobga olish uskunalari, sxemalari hamda qurilmalarini to‘sqinliksiz borib ko‘rishga haqli;
  • O‘zenergoinspeksiya O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari o‘rnatilishini nazorat qiladi va belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
Top