08:44 / 20.02.2023
9756

Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha konferensiya yakunlandi

Uch kunlik forum yakunida uning raisi Kristof Xoysgen 2024 yilda konferensiyada Ukraina prezidentining shaxsan ishtirok etishiga umid bildirdi va «transatlantik birdamlikdan» hayratda qolganini aytdi.

Kristof Xoysgen / Foto: MSC

Myunxenda 19 fevral, yakshanba kuni xavfsizlik bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlandi. Forumni yakunlar ekan, uning raisi Kristof Xoysgen kelasi yili Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning shaxsan o‘zi konferensiyada qatnashishiga umid bildirdi. Bunday harakat «dahshatli urush tugaganini anglatadi», dedi Xeysgen.

Uch kunlik konferensiya yakunlarini sarhisob qilar ekan, forum rahbari Yevropa va Germaniyani mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. «Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz, shuningdek, o‘z mudofaamizni kengaytirishimiz kerak», dedi u.

Anjuman raisi urush aybdorlarini javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidladi. «Sodir etilgan jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak», - dedi Xoysgen. U Xalqaro jinoiy sudning rolini kuchaytirish zarurligini ta’kidlab, Ukrainaga bosqinchilik jinoyatini tergov qilish uchun maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi.

Bu yil birinchi marta xavfsizlik konferensiyasiga raislik qilgan Xoysgen Myunxenda namoyish etilgan «transatlantik birdamlik»dan hayratda qolganini aytdi. «Bizda Vladimir Putindan ko‘ra chidamlilik ko‘proq», deb ma’lum qildi u.

Forum rahbari AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Xitoyning yuqori martabali diplomati Van I o‘rtasidagi uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi keskin munosabatlar fonida o‘tganini alohida ta’kidladi. «Dunyoga boshqa mojaro kerak emas», dedi u.

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bu yil 59-marotaba o‘tkazildi. Ishtirokchilar orasida Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris va turli mamlakatlarning o‘nlab vazirlari hamda rahbarlari bor edi. Rossiya delegatsiyasi o‘tgan yilgidek konferensiyaga taklif qilinmadi.

Top