23:07 / 20.02.2023
38653

«Nasaf» uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i. Qatardagi mag‘lubiyatning 4 sababi

Osiyo Chempionlar ligasi-2022 guruh bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazib, 1/8 finalga yo‘llanma olgan «Nasaf» 10 oylik tanaffusdan so‘ng o‘tgan pley-offda «Ash-Shabob»ga mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etdi. O‘yindan keyin bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev jamoasining raqibga qarshilik ko‘rsatishga tayyor emasligini tan oldi. Tribuna.uz Qatardagi o‘yinni tahlil etib, mag‘lubiyat sabablarini izladi. 

1. Tayyorgarlik va jamoani kuchaytirmagan seleksiya 

Nimchorakfinalning 10 oyga surilishi o‘zbek klublaridan ko‘ra arab jamoalari uchun foydaliroq bo‘ldi. Sababi Superligada yangi mavsum hali boshlanmadi va Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari 2 oy davomida rasmiy o‘yinda maydonga tushmay, asosan Turkiyadagi nazorat o‘yinlari orqali «Ash-Shabob»ga qarshi tayyorgarlik ko‘rishdi. Qit’aning eng nufuzli musobaqasining 1/8 finaliga esa rasmiy o‘yinlarsiz puxta tayyorgarlik ko‘rish qiyin. Har holda bu saralash bosqichidagi nisbatan kuchsiz raqib emas, OChLda eng yaxshi natijani qayd etib turgan klub edi.  

Qarshiliklar mavsum oldi seleksiya jarayonini ham yaxshi olib borishdi, deb bo‘lmaydi. Jamoaning OChL guruh bosqichidagi muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shgan Dilshod Saitov, Sharof Muhitdinov va Ivan Solovev klubni tark etdi. Ular o‘rniga esa tarkibni sezilarli kuchaytira oladigan o‘yinchilar taklif etilmadi. Aytaylik, «Paxtakor»ga o‘tgan himoyachi Dilshod Saitov o‘rniga «Dinamo» bilan Pro ligaga tushib ketgan Jo‘rabek Mannonov ijaradan qaytarildi, Sharof Muhitdinov va Ivan Solovev o‘rniga ham 2022 yilda Superligadagi o‘rnini saqlay olmagan jamoalar «Qo‘qon-1912»dan Javohir Siddiqov chaqirildi, «Dinamo»dan Shohmalik Komilov qaytarildi. Dushanbening «Istiqlol» klubidan taklif etilgan tojikistonlik Muhammadjon Rahimov esa hali asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanmagan.  

Umuman olganda ham, «Nasaf» yangi mavsum oldidan transferlar borasida O‘zbekiston chempionligiga da’vogar «Paxtakor» va «Navbahor»dan ortda qolmoqda. Toshkent va Namangan klublari yangi o‘yinchilar uchun katta mablag‘ ajratishdi, Ro‘ziqul Berdiyev esa hozircha «ko‘rpaga qarab oyoq uzatishga» majbur. Jamoani asosiy goleador Husayn Norchayev ham tark etayotganini inobatga olsak, hozirgi tarkib bilan klubning chempionlik ambitsiyalari so‘roq ostida qoladi. 

2. Tarkib va klassdagi ustunlik 

«Al-Janub» o‘yingohida o‘tgan bahsda ko‘ringan yana bir jihat bu – jamoalar saviyasi o‘rtasidagi farq edi. Klass bo‘yicha «Ash-Shabob» «Nasaf»dan ustunligini ko‘rsatdi. Qayd etish joiz, Ar-Riyod jamoasi tarkib borasida Osiyo Chempionlar ligasining eng qimmatbaho klubi bo‘lib turibdi. Transfermarkt portali «Ash-Shabob» o‘yinchilarini 39,8 million yevroga baholagan – bu 1/8 finaldagi eng qimmat tarkib, demakdir. «Nasaf»ning tarkibi bahosi esa 9,3 mln yevroni tashkil etadi va bu – raqibidan 4 baravar arzon.

 Taqqoslashingiz uchun, Qarshi jamoasining eng qimmat o‘yinchilari bahosi million yevroga yetmaydi, Ar-Riyod klubiniki esa millionlarni tashkil etadi. 

«Nasaf»ning eng qimmatbaho 5 futbolchisi:

1. Husayn Norchayev – 900 ming yevro

2. Husniddin Aliqulov – 850 ming yevro

3. Oybek Bozorov – 750 ming yevro

4. Abduvohid Ne’matov – 650 ming yevro

5. Akmal Mozgovoy – 650 ming yevro. 

«Ash-Shabob»ning eng qimmatbaho 5 futbolchisi:

1. Aaron Bupendza (Gabon, hujumchi) – 8 mln yevro

2. Gjyegoj Krixovyak (Polsha, yarimhimoyachi) – 6 mln yevro

3. Karlos Junior (Braziliya, vinger) – 6 mln yevro

4. Santi Mina (Ispaniya, hujumchi) – 4 mln yevro

5. Ever Banega (Argentina, yarimhimoyachi) – 2 mln yevro. 

3. Maydon markazining boy berilishi

Ro‘ziqul Berdiyev arab klubiga qarshi himoya chizig‘ida 3 himoyachi va hujumlarni qo‘llab-quvvatlaydigan 2 fulbek bilan o‘ynadi. Maydon markazida esa Akmal Mozgovoy va aslida markaziy himoyachi bo‘lgan Umar Eshmurodov harakat qildi. Oybek Bozorov, Javohir Siddiqov va Husayn Norchayev esa hujumkor chiziqni tashkil etdi. Chiziqlar orasida Mozgovoy – Eshmurodov tandemi raqibning Qahtoni – Banega juftligiga mag‘lub bo‘ldi va aynan maydon markazining boy berilishi Saudiya Arabistoni jamoasiga yakunda g‘alaba keltirdi. 

Birinchi gol kiritilgan 11-daqiqadagi vaziyatga e’tibor qilsak, to‘p Qahtoniga yetkazilayotganda tayanch zonaga javobgar Eshmurodov – Mozgovoy tandemi o‘z pozitsiyasini boy berib bo‘lgan edi. Qahtoni esa ular orasidan yetkazilgan to‘pni jarima maydonigacha yetaklab, himoyachilar qarshi chiqqach, zarba yo‘llab hisobni ochdi. 

54-daqiqada Baneganing hisobdagi farqni ikkitaga yetkazgan vaziyatida ham argentinalik yarimhimoyachini qarshi olib, zarbaga blok qo‘yishi kerak bo‘lgan Mozgovoy va Eshmurodov jarima maydoni ichida qolib ketdi.  

Umar o‘z vaqtida «Sho‘rtan» tarkibida ham tayanch yarimhimoyachisi sifatida to‘p surgani yodimizda, ammo sardor sifatida jamoasiga yordam berish uchun har narsaga tayyor bo‘lgan Eshmurodov shu kuni Berdiyev ko‘rsatmalarini bajara olmadi. Ro‘ziqul Sa’dullayevichni ham tushunsa bo‘ladi, u markaziy himoyachini tayanch yarimhimoyasida o‘ynatishni orzu qilmagani aniq, ammo bu noilojlik yakunda jamoa uchun qimmatga tushdi. To‘g‘ri, murabbiy raqibdan ko‘proq yugurish va to‘p bilan muomala qilish hamda yaratilgan yarimta vaziyatdan ham foydalanish evaziga g‘alabani reja qilgani aniq, ammo bu urinishlar samarasiz bo‘ldi. Mag‘lubiyat murabbiydan tashqari, «Nasaf»ga yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni transfer qilishga mas’ul bo‘lgan klub rahbariyati uchun ham ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi lozim. «Ajdarlar» bu yil chempionlikni maqsad qilgan bo‘lsa, tarkib kuchaytirilishi shart. 

4. «Kuz-bahor» tizimi – arab klublari uchun

Osiyo futbol konfederatsiyasi OChL-2022 pley-off o‘yinlarini fevral oyiga ko‘chirib, shu tariqa «kuz-bahor» tizimiga o‘tdi. Bu o‘zgarish ham o‘zbek klublari uchun ayni muddao emas. 20 yillik tanaffusdan keyin qit’a futbolining bu tizimga o‘tishi eng avvalo arab klublari manfaati uchun xizmat qiladi. Arab mamlakatlarida ichki chempionat o‘yinlari kuz-bahor tizimida o‘tadi. Misol uchun, «Nasaf» mavsum boshlanmagani sababli hali sport formasiga kirmagan bir paytda, «Ash-Shabob» ayni pallada eng yaxshi sport formasiga kirgan – Saudiya Arabistoni chempionati qizg‘in pallada. Endi bu borada ham klublarimiz yana bir qiyinchilikka moslashishga majbur. Chunki OFK so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni, Qatar va arab mamlakatlariga har jihatdan deyarli suyanib qolgani hech kimga sir emas. Nailoj, «kim to‘lasa, o‘sha musiqaga buyurtma beradi». 

Usmon Ibodov

Top