21:22 / 22.02.2023
7315

AQSh hukumati xorijliklarga boshpana berish qoidalarini kuchaytirmoqchi 

Bayden ma’muriyati yangi qonunni taklif qildi. Migrantlar huquqlari himoyachilari bunga qarshi va sudga murojaat etishni va’da qilishyapti. 

Foto: REUTERS/Jose Luis Gonzalez

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi va Adliya vazirligi mamlakatda boshpana izlovchilar uchun cheklovlar joriy etishni taklif qildi, deb xabar berdi Reuters

21 fevral kuni yangi qoidalar 30 kunlik muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, migrantlar shunchaki chegara punktiga yetib kelib, AQSh chegarasini kesib o‘tgan taqdirda boshpana olish huquqidan mahrum bo‘ladi. 

Yangi taklif boshpana izlovchilardan CBP One ilovasi orqali chegarada AQSh rasmiysi bilan uchrashish uchun navbatga yozilishni talab qiladi. Ushbu mobil ilova AQSh bojxona va chegara xizmati tomonidan chiqarilgan. 

Bundan tashqari, agar ariza beruvchilar Amerika chegarasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki boshqa davlat hududi orqali kelgan bo‘lsa, ular birinchi navbatda ushbu mamlakatdan boshpana so‘rashi kerak. Agar bu mamlakat ularga rad javobini bersa, shunda ular Amerika rasmiylariga murojaat qilishi mumkin. 

Ushbu cheklovlar kattalar hamrohligisiz chegaraga kelgan voyaga yetmaganlarga emas, balki boshpana izlovchi oilalardagi katta yoshlilarga nisbatan qo‘llanishi taklif etilmoqda. 

Bunday qoidalar allaqachon Ukraina, Venesuela, Kuba, Nikaragua va Gaitidan kelgan migrantlarga nisbatan qo‘llanmoqda: ular CBP One ilovasi orqali onlayn ariza topshirishi va immigratsiya organlari bilan uchrashuvga oldindan yozilishi shart. 

AQSh ma’muriyati bayonotida aytilishicha, yangi qoidalar Meksika bilan chegarada «migrantlar oqimining jiddiy ortishi kutilayotgani» sababli taklif etilgan. Chunki, 2023 yil 11 may kuni sobiq prezident Donald Tramp davrida qabul qilingan va migrantlarni Meksikaga qaytarib yuborishga ruxsat beruvchi qonun muddati tugaydi. Jo Bayden ma’muriyati esa chegarada tartibsizliklar yuz berishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas. 

BBC News taklif qilingan rejani prezident Jo Bayden ma’muriyatining «migrantlarga nisbatan eng qattiq cheklovi» deb atadi. U lavozimga kirishganida, o‘zidan oldingi prezident Donald Trampga qaraganda migratsiyaga nisbatan insoniyroq yondashishni va’da qilgan edi.  

Taklif etilayotgan cheklovlar har oy Meksika-AQSh chegarasini kesib o‘tishga urinayotgan 200 ming kishining hayotini qiyinlashtirishi mumkin. Ular asosan Markaziy va Janubiy Amerikadan kelgan, vatanida qashshoqlik va zo‘ravonlikdan qochgan odamlardir. 

Migrantlar huquqlari himoyachilari yangi qoidalarga sud orqali e’tiroz bildirishga va’da berishmoqda. Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (ACLU) Bayden ma’muriyatining rejasini Trampning konstitutsiyaga zid harakatlari bilan taqqosladi. «Biz sudda Trampning tranzit taqiqiga qarshi chiqdik va muvaffaqiyat qozondik. Agar Bayden ma’muriyati bu rejani amalga oshirsa, unga qarshi kurashamiz», dedi ACLU vakili Li Gelernt. 

Qayd qilish joizki, Meksika va AQSh chegarasidan o‘tib, Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘rovchilar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Avvalroq, AQSh elchixonasi Meksika orqali Amerikaga noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi. Elchixona bunday holatlarda odam savdosi hamda moliyaviy firibgarlik qurboniga aylanish xavfi borligini bildirib, AQShga kirishning qonuniy yo‘llarini izlab topishga chaqirgan edi. 

Mavzuga oid
Top