10:00 / 24.02.2023
10763

Moldova MDH doirasidagi o‘nlab bitimlardan chiqib ketyapti

Moldova ishtirok etgan MDHning 330 ta kelishuvidan ko‘pchiligi qayta ko‘rib chiqilishi kerak, ishlamaydi, qo‘llanilmaydi yoki Kishinyov manfaatlariga zid keladi, dedi tashqi ishlar vaziri Niku Popesku.

Niku Popesku / Foto: AP

Moldova hukumati MDH doirasidagi bir necha o‘nlab kelishuvlarni denonsatsiya qilish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Respublika MDHning 330 ga yaqin kelishuvlari ishtirokchisi bo‘lib, ularning ko‘pchiligi qayta ko‘rib chiqilishi kerak, dedi 23 fevral, payshanba kuni televideniyeda tashqi va Yevropa integratsiyasi vaziri Niku Popesku. "Shunday kelishuvlar borki, ular yo bizga to‘g‘ri kelmaydi, yo endi ishlamayapti, yo qo‘llanilmaydi, yoki Moldova manfaati uchun emas", dedi u.

Popesku Kishinyovning maqsadi Yevroittifoqqa qo‘shilish va "barcha tashqi siyosat maqsadlari va xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki Yevropa integratsiyasiga bo‘ysundirilishi"ni ta’kidladi.

"Shundan kelib chiqib, bizning maqsadlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan MDH kelishuvlaridan chiqish davom etadi. Respublikaning MDHda bo‘lishi davrida imzolangan ko‘plab shartnomalar zarurligi tahlil qilinmoqda. Bu ro‘yxat e’lon qilinadi", — dedi u. Popeskuning so‘zlariga ko‘ra, Moldova 20 ga yaqin kelishuvdan faqat Ichki ishlar vazirligi orqali chiqadi.

Moldova TIV rahbarining ta’kidlashicha, Kishinyov Rossiyaning mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarini cheklash uchun juda keng doirada harakat qilmoqda.

Mavzuga oid
Top