17:42 / 06.03.2023
15588

Kiyevda Baxmut himoyasini davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi

Avvalroq Zelenskiy va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Baxmut masalasida hamfikr emasligi haqida xabar tarqalgandi.

Foto: Picture Alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ishtirokida Oliy qo‘mondonlik shtabining yig‘ilishida Baxmutni himoya qilishni davom ettirish va bu shahardagi pozitsiyalarni mustahkamlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi

Zalujniy hamda Donbassdagi guruh rahbari, «Xortitsa» qo‘shinlar tezkor-strategik guruhi qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina prezidentining shu haqdagi savoliga javoban Baxmut mudofaasini davom ettirish kerakligini qayd etishgan. «Ular mudofaa amaliyotini davom ettirish va Baxmutdagi pozitsiyalarimizni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini bildirishdi», — deya xabar bergan Ukraina prezidenti ofisi matbuot xizmati. Xabarda Zalujniy va Sirskiydan qandaydir iqtibos keltirilmagan.

Ukraina prezidenti ofisi bu xabarni Germaniyaning Bild tabloidida Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasida Baxmut bo‘yicha pozitsiyalardagi kelishmovchiliklar haqida chiqqan xabar ortidan tarqatdi. Nemis nashrining Kiyevdagi manbasiga ko‘ra, Zalujniy bir necha hafta oldin taktik sabablarga ko‘ra Baxmutdan ketish haqida o‘ylab ko‘rishni taklif etgan, Zelenskiy esa uni mudofaani saqlab qolishga chaqirgan. 

G‘arbdagi aksar harbiy ekspertlar fikricha, Baxmutni ushlab qolish yoki boy berish urushning borishi uchun strategik ahamiyatga ega emas.

Amerika Urushni o‘rganish institutining hisobotida aytilishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Baxmutni egallab olish yo‘lida biroz oldinga siljigan va shahardagi qator hududlarni egallab olish imkoniga ega bo‘lgan. Ammo institut ekspertlari xulosasiga ko‘ra, Rossiya armiyasi ukrainalik harbiylarni chekinishga majbur qilolmagan, yaqin orada ruslar shaharni o‘rab olishini ham kutish o‘rinsiz.

Ukraina tomoni Baxmut sharqidagi o‘ta murakkab hududlardan kuchlarni nazoratli olib chiqish uchun qulay sharoit yaratishga intilmoqda, ammo ukrainaliklarga Baxmutdan chekinish topshirig‘i berilgani haqida ma’lumot yo‘q. Institut tahlillariga ko‘ra 4 mart kuni Rossiya kuchlari oldinga siljigan, vagnerchilar oxirgi bir necha kunda muvaffaqiyatli aylanib o‘tish taktikasi sabab Baxmut shimoli-sharqida ham oldinlagan.

  • Baxmut uchun janglar 2022 yil iyulidan buyon olib borilmoqda. Rossiya tomonida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari, xususan mahbuslar asosiy kuch sifatida ishtirok etmoqda. 2023 yil mart oyi boshiga kelib harbiy kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmut «amalda qurshab olingani»ni aytdi va Ukraina armiyasiga shaharni tark etishni taklif qildi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy mutaxassislarning bir qismini Baxmutdan olib chiqqan. Shahar mudofaasi davom ettirilmoqda.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top