21:12 / 06.03.2023
8254

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari migratsiya bo‘yicha shartnoma tayyorlamoqda 

Gap mehnat migrantlarini tayyorlash markazlari haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat organlari migratsiya bo‘yicha hukumatlararo kelishuvni tayyorlash ustida ishlamoqda. Hujjatlarni imzolashning aniq sanasi hozircha noma’lum. Bu haqda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti direktori Oltinoy Omurbekova ma’lum qildi. 

«Gap, men tushunganimdek, ishlash uchun ketayotgan odamlar uchun, xususan, Rossiyaga ketishdan oldin qandaydir tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida. Ular uchun qonunchilik talablari, madaniy moslashuv masalalari bo‘yicha o‘quv jarayoni tashkil qilinadi, balki til kurslari ham bo‘lishi mumkin», dedi Oltinoy Omurbekova. 

10 fevral kuni Rossiya TIV MDH davlatlari departamenti direktori Aleksandr Sternik 2023 yilda migratsiya bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda migratsiyaga tayyorlovchi o‘quv markazlarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Markazlarda Rossiyaga borishni xohlovchilarga bir qator xizmatlar, xususan, ro‘yxatdan o‘tish xizmati ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda. 

Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyaga 3,47 million chet el fuqarosi kirgan. Jumladan, O‘zbekistondan 377 ming, Tojikistondan 336 ming, Qirg‘izistondan 84 ming kishi borgan. 

Top