10:08 / 09.03.2023
83770

3D printerda bosilgan birinchi raketa fazoga uchishga tayyor

Terran 1 raketasining 85 foizi to‘liq 3D printerda chop etilgan qismlar va komponentlardan iborat.

Foto: RELATIVITY SPACE

AQSh Florida shtati, Kanaveral burni kosmodromidagi uchirish maydonchasida Amerikaning Relativity Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Terran 1 raketasi o‘rnatildi va sinovdan o‘tishga tayyor. Bu deyarli to‘liq 3D printerda bosib chiqarilgan tarixdagi birinchi raketadir.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, Terran 1 orbital parvozga tayyor bo‘lgan eng katta 3D bosma obektdir.

Raketa startini real vaqtda YouTube tarmog‘ida kuzatish imkoniyati bor.

Raketa uzunligi taxminan 35 metr va og‘irligi atigi 10 tonnani tashkil etadi, bu uni sanoatdagi eng kichik orbital raketalardan biriga aylantiradi. Biroq, Terran 1 va boshqa shunga o‘xshash transport vositalari o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, raketaning 85 foizi, shu jumladan metan va suyuq kislorod aralashmasida ishlaydigan Aeon dvigatellari to‘liq 3D printerda chop etilgan qismlar va komponentlardan iborat. Kompaniyada ta’kidlashlaricha, shu sababli raketa qismlari soni an’anaviy usulda yig‘ilgan qurilmalarga qaraganda 100 barobar qisqardi.

U og‘irligi 1250 kg bo‘lgan yuklarni Yerning pastki orbitasiga olib chiqishga qodir va har bir parvoz 12 million dollar turadi.

Taqqoslash uchun, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketasining har bir parvozi uchun NASA 67 mln dollar to‘laydi. Ammo Falcon 9 fazoga 22 tonnagacha yukni olib chiqadi.

Terran 1 raketasining birinchi parvozi yuksiz amalga oshiriladi. Agar u orbitaga muvaffaqiyatli ko‘tarila olsa, parvozni muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin. Kemani Yerga qaytarish baribir rejalashtirmagan.

Odatda, yangi raketani uchirishdan oldin «yakuniy sinov» o‘tkaziladi. Unda dvigatellar to‘liq quvvatda ishga tushiriladi, lekin raketa uchish maydonchasiga mahkam o‘rnatiladi. Biroq, Relativity Space rahbariyati ushbu so‘nggi sinovni o‘tkazmoqchi emas. Kompaniya buni raketa qismlarini ayash bilan izohlamoqda.

«Biz qo‘shimcha sinovlar orqali raketa qismlari eskirishini istamaymiz. Agar barcha tizimlar kutilganidek ishlasa, uni darhol fazoga uchirgan ma’qul», dedi kompaniya vakili.

Kelajakda Relativity Space Oyni, keyin esa Marsni tadqiq qilishda faol ishtirok etish niyatida.

Terran 1 bunday ambitsiyali maqsadlar uchun mos emas, chunki qurilma juda kichik va takroran foydalanish uchun yaroqsiz. Biroq, u bilan parallel ravishda, kichik raketani prototip sifatida ishlatib, kompaniya yirikroq loyihani ham ishlab chiqmoqda. U – qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa.

Terran R deb nomlangan ushbu apparat uzunligi endi 20 emas, balki 66 metrni tashkil etadi va uning yuk ko‘tarish quvvati taxminan 20 tonnaga teng.

Kompaniya 2024 yilda qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketaning parvoz oldi sinovlarini boshlashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid
Top