11:47 / 09.03.2023
14954

Nechayevning tanasida jarohatlar aniqlanmagan - Bosh prokuratura

Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalistning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ma’lum qilindi.

Foto: Denis Korsakov

O‘zbekiston bosh prokuraturasi Toshkent shahridagi kvartirasida jonsiz holda topilgan rossiyalik jurnalist Aleksandr Nechayev qotillik qurboni bo‘lganini istisno etdi.

«36 yoshli jurnalist Aleksandr Nechayev vafot etganligi holati bo‘yicha tekshirish o‘tkazilmoqda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, A.Nechayevning o‘limi «surunkali yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning surunkali ishemik kasalligi»dan kelib chiqqan.  

A.Nechayevning tanasi ko‘zdan kechirilganda tan jarohatlari aniqlanmagan», deyiladi xabarda. 

Tekshirish davom etayotgani qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 8 mart kuni Rossiyaning «Byulleten kinoprokatchika» jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayevning jasadi u vaqtincha yashayotgan Toshkentdagi kvartirasidan topilgandi. Tanishlarining ma’lum qilishicha, u bir necha kun aloqaga chiqmay qo‘ygan. U O‘zbekiston poytaxtiga bir necha oy oldin ko‘chib kelgan, aprel oyida Moskvaga qaytib ketishni rejalashtirayotgandi.

Mavzuga oid
Top