09:48 / 18.03.2023
2667

Donald Tramp Facebook va YouTube’ga qaytdi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga ikki yillik taqiqdan so‘ng ilk postlarini e’lon qilib qaytdi. U 2024 yilda o‘zining yangi prezidentlik kampaniyasini e’lon qilmoqchi ekani to‘g‘risidagi videoni joylashtirdi. 

Foto: Getty Images

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 17 mart, juma kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga ikki yillik taqiqdan so‘ng ilk postlarini e’lon qilib qaytdi. Ikkala platformadagi postlarda u «Men qaytdim!» deb yozdi va 2016 yilgi prezidentlik saylovidagi g‘alabasi aks etgan videoni joylashtirdi. Videoda u shunday degan: «Sizni kuttirib qo‘yganim uchun uzr. Murakkab masala». Videoning oxirida uning 2024 yilgi yangi prezidentlik kampaniyasi quyidagi shior bilan e’lon qilingan: «Amerikani yana buyuk qilamiz!» («Make America great again!»). 

YouTube’da Trampning videosi ushbu yangilikni yozish paytida, ya’ni e’lon qilinganidan taxminan yetti soat o‘tib, 200 mingdan ortiq ko‘rildi. Facebook’da bir vaqtning o‘zida e’lon qilingan post taxminan 470 ming ko‘rilgan va 112 ming layk yig‘gan.

YouTube kecha Trampning akkauntini tikladi. Kompaniya o‘z tvitini joylashtirdi, unda «haqiqiy zo‘ravonlikning davom etayotgan xavfi sinchkovlik bilan baholangani», shuningdek, saylovchilarga saylov oldidan asosiy nomzodlarning fikrlarini teng eshitish imkoniyatini berish muhimligi ta’kidlangan.

Sobiq prezidentning Facebook va Instagram’dagi akkauntlari fevral oyi boshida tiklangan edi. Meta kompaniyasining global masalalar bo‘yicha prezidenti Nik Klegg, agar Tramp yana qoidalarni buzsa, u ikki yillik taqiq tahdidiga duch kelishini aytdi. Twitter Trampning akkauntini 2022 yilning noyabr oyida, mikrobloglar xizmatining yangi egasi Ilon Mask ushbu masala bo‘yicha foydalanuvchi orasida ovoz berish jarayonini o‘tkazganidan keyin blokdan chiqargan edi.

2021 yil yanvarida Kapitoliyga hujum ro‘y berganidan so‘ng eng yirik ijtimoiy tarmoqlar siyosatchining sahifalarini bloklab qo‘yib, uni «zo‘ravonlikka undash xavfi»ni yaratishda aybladi. Hujumga Tramp tarafdorlarining AQSh prezidentlik saylovlari natijalariga qarshi chiqqani sabab bo‘lgan, o‘shanda u demokrat Jo Baydenga yutqazgan. Populist respublikachining o‘zi ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortdi. 2022 yil dekabr oyida Kongress qo‘mitasi uni Kapitoliyga bostirib kirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirdi. 

Yanvar oyi oxirida Donald Tramp navbatdagi saylovlarda ishtirok etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Mart oyi boshida Florida shtatining Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan AQSh Konservatorlar konferensiyasi (CPAC) so‘rovida u 62 foiz ovoz bilan g‘olib chiqdi. 

Top