17:56 / 28.03.2023
4941

Termiz aeroportida Germaniya hisobidan xavfsizlik texnologiyalari yangilandi

Germaniya qurolli kuchlari Termiz aeroportida xavfsizlik va kuzatuv texnologiyalarini yangilash uchun 1 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi.
 
Germaniya qurolli kuchlari Termiz aeroportida xavfsizlik va kuzatuv texnologiyasi xalqaro aviatsiya standartlariga mos ravishda yangilanishini moliyalashtirdi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Telegram-kanalida xabar berildi.

Ushbu texnologiyalar to‘siqning 12 kmdan ortiq perimetri bo‘ylab, shuningdek, aeroportdagi operatsion markazda o‘rnatildi. Ular uchun 1 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratildi.

«Ushbu hafta Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi harbiy attashesi aeroportdagi montaj ishlarining yakunlanishini shaxsan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, — deyiladi elchixona xabarida. – Termiz xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bizda katta taassurot qoldirdi va bunga samarali hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz». 

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, 2002—2015 yillarda Germaniya qurolli kuchlari Afg‘onistondagi xalqaro missiyasi doirasida Termiz aeroportidan havo transporti uchun strategik markaz sifatida foydalangan.

«Ammo Germaniya qurolli kuchlari olib chiqib ketilganidan keyin ham biz zamonaviy xalqaro tijorat aeroportiga aylanishi yo‘lida ushbu aeroport bilan chambarchas bog‘liqmiz», — deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid
Top