08:17 / 05.04.2023
10393

Stoltenberg: NATO Rossiyani Finlandiya bo‘yicha «xato uchun joy»dan mahrum qildi

Yyens Stoltenbergning fikricha, Finlandiyani qabul qilish orqali NATO Moskvaning alyans Helsinkini himoya qilishga tayyorligi va shu bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaro oldini olishi haqidagi tushunchasini yo‘q qildi.

Foto: AP

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 4 aprel, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida finlarni o‘z safiga qabul qilish orqali Shimoliy Atlantika alyansi «NATOning Finlandiyani himoya qilishga tayyorligi borasida Moskvada xato uchun joy bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi», dedi. Uning tushuntirishicha, har qanday tushunmovchilik yoki noto‘g‘ri pozitsiya xavflidir, chunki u mojaroga sabab bo‘lishi mumkin, NATOning oldini olish va himoya qilish siyosati maqsadi mojarolar oldini olishdir. Shuning uchun NATOga a’zo bo‘lish Finlandiyani xavfsizroq va NATOni kuchliroq qiladi, deya qo‘shimcha qildi bosh kotib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Finlandiya mudofaa ittifoqiga yuqori salohiyat, muhim kuchlar va ilg‘or mudofaa sanoatini olib keladi. "Yaqinda Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi biz uchun xayolga ham kelmagandi, - deb eslaydi Stoltenberg. - Ammo shunday bo‘ldi. Bu haqiqatan ham tarixiy voqea bo‘lib, Finlandiya o‘z qarorlarini qabul qiladigan suveren mustaqil davlat ekanini va NATO eshigi Finlandiya kabi demokratik suveren davlatlar uchun ochiq bo‘lgan demokratiyalar ittifoqi ekanini ko‘rsatadi".

Uning rahbari mamlakat alyansga kirishini Putinning Ukrainadagi agressiv urushi natijasi deb atadi: "Ular Putin nafaqat Ukrainaga, balki NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilmoqchi bo‘lgan har bir davlatga tahdid qilganini ko‘rib, Finlandiya a’zo bo‘lishiga qaror qilishdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Putin Yevropaning qolgan qismi uchun NATO eshigini yopmoqchi bo‘lganida, u teskari natijaga erishdi: ko‘proq qo‘shinlar, ko‘proq tayyorgarlik, alyans sharqiy qismida quruqlik, dengiz va havo kuchlari va NATO a’zolari. Bugun bu Finlandiya va tez orada Shvetsiya unga qo‘shiladi".

Yillar davomida NATO Rossiya harbiy qudratini, jumladan, shimolda, Finlandiya va Norvegiya yaqinida, Arktikada kuchaytirib borayotganini kuzatdi. "Biz nafaqat buni, balki Rossiya va uning prezidenti Putin qo‘shnilariga harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini ham ko‘rdik: 2008 yilda Gurjistonga, 2014 yilda Qrimga, keyin esa Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirish, - deydi tashkilot rahbari. - Bu sxema, shuning uchun biz alyans sharqiy qismida NATOni kuchaytirdik va ittifoqchilar yangi zamonaviy qurollarga sarmoya kiritmoqda".

Top