10:56 / 11.04.2023
5989

Isroil bosh vaziri mudofaa vazirini ishdan bo‘shatish haqidagi qarorini bekor qildi

Benyamin Netanyaxu Isroildagi vaziyat keskinlashganidan keyin mudofaa vaziri Yoav Galantni o‘z lavozimida qoldirdi. Bosh vazir mamlakat «terror hujumi ostida» ekanini aytdi.

Foto: AP

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu mudofaa vaziri Yoav Galantni iste’foga chiqarish haqidagi qarorini bekor qildi. Bu haqda Netanyaxu 10 aprel, dushanba kuni xalqqa telemurojaati chog‘ida aytib o‘tdi. Vazirlar mahkamasi rahbari mudofaa vaziri bilan «barcha jabhalarda sutkada 24 soat birga» ishlayotganini va «ixtiloflarni chetga surish»ga qaror qilganini bildirdi.

Galantning ishdan bo‘shatilishi haqidagi e’lon 26 mart kuni hukumat rahbari devoni saytida paydo bo‘ldi. Ishdan bo‘shatish Galant Netanyaxu hukumati tomonidan ilgari surilgan hamda mamlakatda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan sud-huquq islohotini ochiqdan-ochiq tanqid qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, vazir iste’foga chiqishi haqida rasmiy xabarnoma olmagan.

So‘nggi haftalarda mudofaa vazirining iste’fosi haqidagi gap-so‘zlar fonida Isroilda vaziyat keskinlashdi – davlat G‘azo sektori, Suriya va Livandan hujumlarga uchradi. Netanyaxu 10 aprel kuni mamlakat «terror hujumi ostida» ekanini aytdi. Hukumat rahbari sud-huquq islohoti muxoliflarini mamlakatda ichki bo‘linishga olib kelganlikda aybladi.

Mavzuga oid
Top