13:30 / 14.04.2023
4766

Tramp moliyaviy firibgarlik ishi bo‘yicha so‘roq qilindi

Bu Amerika davlati sobiq rahbarining ikkinchi marta so‘roq qilinishidir. Donald Tramp 250 million dollar miqdoridagi moliyaviy firibgarlikda ayblanmoqda.

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 13 aprel, payshanba kuni Nyu-Yorkda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlardan biri bo‘yicha yana so‘roq qilindi. U 250 million dollar miqdoridagi moliyaviy firibgarlikda ayblanmoqda.

Nyu-York bosh prokurori Letisha Jyeyms Tramp va uning uch nafar farzandini daromadli kreditlar va soliq imtiyozlarini olish uchun o‘nlab yillar davomida o‘z mulklari haqidagi ma’lumotni yashirib kelganlikda aybladi.

2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasi nomzodi maqomi uchun kurashayotgan AQSh sobiq prezidenti ertalab soat 10 da so‘roqqa keldi va faqat kechki soat 18 dan keyin Bosh prokuraturani tark etdi. So‘roq yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Reuters agentligining masaladan xabardor manbasiga ko‘ra, Tramp o‘zining biznes amaliyoti haqidagi savollarga javob bergan. Avgust oyida so‘roq paytida Tramp o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqini aytib, savollarga 400 martadan ortiq javob berishdan bosh tortgan. 

Moliyaviy firibgarlik bo‘yicha sud jarayoni 2 oktyabrda boshlanadi. Tramp advokatlaridan biri Alina Xabbaning aytishicha, sobiq prezident guvohlik berishga qaror qilgan va yashiradigan hech narsasi yo‘qligini qat’iyat bilan ta’kidlashda davom etmoqda. 

Yangi so‘roq munosabati bilan Tramp ijtimoiy tarmoqlarda «nihoyat qanday ajoyib, foydali va qimmatli korxona qurganimni ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘laman», deb yozdi. 

Mavzuga oid
Top