08:10 / 17.04.2023
11489

Eronda «Ukraina havo yo‘llari» samolyoti halokati ishi bo‘yicha hukm chiqarildi

Urib tushirilgan Ukrainaning Boeing'i bo‘yicha 10 nafar eronlik harbiy aybdor deb topildi, ular bir yildan 13 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Urib tushirilgan Boeing 737-800 qoldiqlari / Foto: Reuters

Eron sudi 2020 yil yanvarida Ukrainaning Boeing 737-800 yo‘lovchi layneri halokatida ishtirok etgan 10 nafar harbiy xizmatchini turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda 16 aprel, yakshanba kuni Eronning Mizan Online sud sayti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi, «Tor-M1» zenit-raketa majmuasi operatori jami 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek, u qurbonlarning oilalariga tovon to‘lashi shart. Ayblov xulosasiga ko‘ra, u «buyruqlarga qarshi» va ruxsatsiz samolyot tomon «ikkita raketa otgan». Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, operator xatti-harakatlari «vaziyatdan bexabarligi va aniqlangan nishon dushman ekanligi haqidagi noto‘g‘ri ishonchi tufayli bo‘lgan».

Yana to‘qqiz nafar mahkum bir yildan uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Ularning ismlari aytilmadi.

Hukmlar 20 ta sud majlisi va uch yil davomida o‘tkazilgan «batafsil tergov»dan so‘ng chiqarildi. «Ushbu ishning ko‘rib chiqilishi mamlakatda so‘nggi bir necha yil ichida eng muhim, nozik va murakkab sud jarayonlaridan biri bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

2020 yil 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro havo yo‘llari» aviakompaniyasining Tehrondan Kiyevga uchgan PS752 reysi havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay urib tushirilgan. Samolyot bortidagi 176 kishining barchasi: Afg‘oniston, Eron, Kanada va Ukraina fuqarolari, shuningdek, Buyuk Britaniya va Shvetsiya fuqarolari halok bo‘lgan. Oradan bir necha kun o‘tib, Islom inqilobi muhofizlari korpusi halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi va samolyot xatolik tufayli urib tushirilganini ma’lum qildi.

Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top