18:30 / 21.04.2023
6220

Chexiya Rossiya gazidan butunlay voz kechdi

2023 yilning birinchi choragida Chexiya Rossiya gazi importi qaramligidan qutula oldi.

Foto: TASS

Respublika Sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatga Rossiya gazi import qilinmagan.

«Import qilingan 1,71 milliard kub metr gazning umumiy hajmining 100 foizi Germaniya orqali o‘tdi. Bu davrda gaz Slovakiya orqali o‘tmadi. Bu esa Rossiya quvurlari orqali Chexiya hududiga gaz kirishi mumkin bo‘lgan yagona joydir», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Germaniya orqali Belgiya va Niderlandiyadan suyultirilgan gaz, shuningdek, Norvegiyadan tabiiy gaz olingan.

«Chexiya tarixida birinchi marta yilning birinchi choragida biz Rossiyadan gaz olmadik. Bu katta muvaffaqiyat… Bunga barchamiz hissa qo‘shdik. Lekin bu biz g‘alaba qozonganimizni anglatmaydi. Qishda Yevropa Rossiya ta’minoti uzilgani sababli kamroq gazga ega bo‘ladi. Shuning uchun kelajakda gaz iste’moliga mas’uliyat bilan yondashish kerak», dedi sanoat va savdo vaziri Yozef Sikela.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 1 yanvardan 16 aprelgacha bo‘lgan davrda gaz iste’moli 2,9 milliard kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga, so‘nggi uch yildagi o‘rtacha iste’molga nisbatan 19,7 foizga kamaygan.

Top