13:39 / 23.04.2023
19240

“Menga protez qo‘llar ham kerakmasdi” – samolyotni qo‘lsiz boshqargan uchuvchi qiz buni qanday uddalagandi?

Dunyoga kelishi bilanoq qo‘lsiz ekanini bilishgach ota-onasi ham bag‘riga bosishga shoshilmagan qizaloq Jyessika Koks oyoqlari bilan samolyot boshqargan ilk ayol uchuvchi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirgan. U bundan tashqari, parashyutdan sakraydi, sport bilan shug‘ullanadi, nogironlar huquqlarini himoya qiladi. Bularning hammasini qo‘lsiz uddalash mumkinmi?

“Qizimga achinmang...”

1983 yil AQShning Arizona shtatidagi S’yerra-Vista shifoxonasida Ines Koks qiz farzandini dunyoga keltirdi. Dastlab, chaqaloq yig‘laganda uni xursand qabul qilgan shifokorlarning kayfiyati birdaniga o‘zgaradi.

"Nima bo‘ldi?" deb so‘ragan onaga shifokor past ovozda "Bolangning qo‘llari yo‘q", deb javob beradi.

1980 yillarda ultratovush tekshiruvi hozirgidek rivojlangan emasdi. Shuning uchun chaqaloq bunday nuqson bilan tug‘ilishi oldindan kutilmagan. O‘sha kuni tug‘ilgan chaqaloq Jyessika Koks edi.

Jyessikani, dastlab, ota-onasi qabul qilishi oson kechmadi. Ilk bor vrach qizaloqni ota-onasiga berganda ulardan hech biri chaqaloqqa darhol qo‘l uzatishmagan. Biroq Jyessikaning onasi depressiyadan tezda chiqib oladi. U qiziga baxtli bolalik hadya qilish uchun hamma narsaga tayyor edi. Ko‘chada qizi bilan bo‘lganda qiziquvchan odamlar yaqin kelib Jyessikaning sog‘ligi haqida gapira boshlaganda ona ularning gapini shart kesardi: "Unga achinmang, u hali juda aqlli bo‘ladi". 

Jyessikaning ota-onasi qizini boshqa tengdoshlari bilan teng qilib o‘stirishdi va hech qachon qizidan nolishmagan. Onasi Jyessikaga hamisha "Sen kim bo‘lishni xohlasang ham, bunga, albatta, erisha olasan!" deb uqtirardi. Biroq baribir qizaloqqa atrof-muhitga moslashish oson bo‘lmasdi.

"Men ko‘p vahimaga tushib qolardim: yaqinlarimni tepib, qichqirib, tishlab tashlardim. Nega boshqalardan farqli ekanimni, odamlar nega menga boshqacha muomala qilishlarini miyam qabul qila olmasdi. Bu meni shunchalik g‘azablantirardiki, oqibatda, otam uydagi kimnidir jarohatlab qo‘yishimdan qo‘rqib xonaga qamab qo‘ygan paytlari bo‘lgan", deb yozadi Jyessika "Imkoniyatlaringizni chegarasizlantiring" nomli avtobiografik asarida.

Hali kichikligidanoq Jyessika o‘zining jismoniy holatiga qaramay dunyoda yashashni o‘rganishga harakat qiladi. Ukasi va singlisidan qolib ketmaslikka, o‘yinlarda qo‘li yo‘qligi uchun oyog‘i bilan hamma narsani bajara olishga urinadi.

Shuning uchun qizaloqning sevimli mashg‘ulotlari ham ko‘p edi: u raqs, modellashtirish bilan shug‘ullanar, sayr qilishni, kitob o‘qishni yoqtirardi. 10 yoshida taekvondo to‘garagiga bora boshlaydi va 4 yildan so‘ng qora belbog‘ga ega bo‘ladi.

Robot qizcha

Jyessikaning ota-onasi uni atrofdagilarga qo‘shishga maksimal harakat qilishgan. Shuning uchun ham qizini alohida ehtiyojlari bor bolalar o‘qiydigan maktabga emas, oddiy maktabga berishadi. Biroq maktabda o‘qish ham qizga oson bo‘lmaydi. U bolalar bilan o‘ynamoqchi bo‘lganda tengdoshlaridan bu uning uchun xavfli ekanini eshitar, protez qo‘llari bo‘lgani uchun uni "Robot qizcha, kapitan Hook", deb chaqirishardi.

Jyessika 14 yoshligida uning oilasi Tuson shahriga ko‘chib o‘tishadi. O‘shanda Jyessika 8-sinf edi, u maktabga borayotgan ilk kunidayoq protezlarini yechib tashladi va ularni qaytib umuman taqmaydi. "Men haqiqiy Jyessika bo‘lishni xohlayman, haqiqiy Jyessika esa soxta qo‘l taqmaydi", deb eslaydi keyinchalik u.

Notiq bo‘lish qarori

Jyessika o‘rta maktabda o‘qiyotgan payti ustozlari undan kambag‘al oilalarning iqtidorli bolalaridan tashkil qilingan sinf uchun nutq so‘zlab berishini so‘rashgan. Boshida Jyessika ularga noodatiy nima haqida gapirib bera olishi mumkinligini tushunmaydi, biroq keyin o‘ylab ko‘rib qanday qilib qo‘lsiz yashashni o‘rganganini so‘zlab beradi.

Nutqdan keyin bolalar Jyessikaning oldiga kelib undan ilhom olishganini aytishadi. Shunda Jyessika o‘zining qo‘li yo‘qligi boshqa bolalarning qaysidir muammosi bilan qiyoslanganini ko‘radi. Hammaning qaysidir jihatdan imkoniyati cheklangan degan xulosaga keladi.

O‘sha nutq Jyessika uchun hal qiluvchi lahzalardan biri edi. U atrofdagilar bilan ochilib gaplasha boshlaydi va nutqi nafaqat boshqalarga, balki o‘ziga ham yordam berganini his qiladi.

Shunday qilib Jyessika notiq bo‘lishga ahd qiladi. Motivatsion nutqlarni to‘g‘ri tuzish, katta auditoriya bilan ishlashni o‘rganish uchun u Arizona universitetining psixologiya va kommunikatsiya yo‘nalishida o‘qib bakalavr darajasini oladi.

Universitetni tugatgach Jyessika oldiga yangi maqsad qo‘ydi. Ichidagi qo‘rquvni yengish uchun u parvoz qilishi kerak edi. Shuning uchun 3 yillik aviamaktabni tugatdi va sertifikatli uchuvchi bo‘ldi. Qiz pedallari bo‘lmagan yengil sport samolyotini boshqarishni o‘rgandi. Samolyotning tuzilishi Jyessikaga bir oyog‘i bilan rulni, ikkinchi oyog‘i bilan gaz tutqichini boshqarishga imkon berardi.

O‘shandan beri qiz uchuvchilikni davom ettirib keladi, mamlakat bo‘ylab turli aviashou va tadbirlarda mahoratini namoyish etadi. Jyessika Koks oyoqlari bilan samolyotni boshqargan ilk ayol uchuvchi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga ham kiritilgan.

Orzularga qanday erishish mumkin?

2015 yilda u o‘zining "Imkoniyatlaringizni chegarasizlantiring" nomli avtobiografik kitobini chop etdi. Kitobda Jyessikaning yozishicha, har qanday orzuni amalga oshirish uchun odam bir nechta tamoyillarga amal qilishi kerak:

  • Sarguzashtlarga intilish;
  • Erishmoqchi bo‘lgan narsani ishtiyoq bilan bajarish;
  • Jasoratli bo‘lish;
  • Yangi ijodiy yechimlar topish;
  • Muvozanatni saqlash;
  • Qat’iy bo‘lish;
  • Halol bo‘lish;
  • Atrofdagilar qo‘llab-quvvatlashini qabul qilish;
  • Har qanday sharoitda ham o‘ziga ishonish.

"Odamlar samolyotni oyoqlarim bilan boshqarishni qanday qilib o‘rganganimni uncha tushunmaydilar. Men o‘zimdagi kuchni yig‘ib qo‘rquvdan qutuldim. O‘zimni borimcha qabul qilib, o‘z-o‘zimdan uyalishni to‘xtatdim. Bu nafaqat jismoniy nogironligimni yengib o‘tish, balki ruhiy g‘alabam hamdir", deb yozadi Jyessika.

Jyessika hozirda uchuvchilikdan tashqari syorfing, sho‘ng‘ish, paraplanda uchish, parashyutdan sakrash kabi mashg‘ulotlar bilan ham shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u motivatsion nutqlar so‘zlashda va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam berishda ham davom etmoqda.

Top